«Toshkent besh tashabbus harakati» doirasida yoshlar bilan muloqotda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov davlat korxonalaridagi oylik maosh va ish o‘rinlari masalasida berilgan savolga javob qaytardi. Bu haqda «Xalq so‘zi» xabar berdi.

«Oyliklar kam deganingizga. Birinchidan katta korxonaning xarajatlari ham katta bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘pgina davlatlarda ish o‘rnini davlat yaratmayapti. Davlat aksincha, ish o‘rnini yaratish uchun imkoniyat sharoit yaratib berishi kerak. Shuning uchun bizda tadbirkorlikni rivojlantirishga asosiy urg‘u berilmoqda. Ularni moliyalashtirish, ularga sharoitlar yaratib berish, kerak bo‘lsa yer va boshqa imkoniyatlar yaratib berilmoqda», — deydi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «korxona qanchalik kichkina bo‘lsa, uning xarajatlari, tannarx ham shuncha past bo‘ladi va bu orqali ish o‘rinlari, oyliklar ham nisbatan yaxshi bo‘ladi».

Shuningdek, vazir O‘zbekistondagi ishsizlik darajasi borasida berilgan savolga javob qaytardi, deya xabar bermoqda «Bugun.uz».

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda koronavirus pandemiyasi sababli ishsizlar soni ko‘paygan.

«Koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tgan yili ishsizlik ko‘paydi. Mehnatga layoqatli fuqarolarga nisbatan uchinchi chorak natijalariga ko‘ra (2020 yil), bizning mamlakatda ishsizlik darajasi 15 foizni tashkil etdi. Joriy yilning birinchi choragi natijalariga ko‘ra, 10,5 foiz. Tizimli ishlar bu borada salbiy ko‘rsatkichlarning pasayishiga yordam berdi. Joriy yilning birinchi choragi va o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi davomida joylarda korxonalarimizni qayta tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi. Ulardan ba’zilari uchun tadbirkorlar zararlarini qoplashlari uchun kredit ta’tillari yoki muddatlarini uzaytirish choralari, shuningdek, boshqa choralar ko‘rilgan», — deydi u.

Nozim Xusanov yangi ish o‘rinlari yaratish dasturi tasdiqlangani, ularning soni 457 mingtani tashkil etishini ma’lum qilgan.

«Yaqinda yangi ish o‘rinlari yaratish dasturi tasdiqlandi, ularning soni 457 mingtani tashkil etadi. Bir necha yo‘nalishlarda — yangi investitsiya loyihalarini joriy etish, yangi mintaqaviy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini yaratish, shuningdek, ijtimoiy sohada ijtimoiy ob’ektlarni qurish orqali ham ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan. Bizning vazirlik jarayonni nazorat qiladi, monitoring olib boradi, barcha normalar va rejalarga rioya qilinishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot taqdim etadi», — deydi vazir.