Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari — viloyat investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i etib Iqboljon Ergashev tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati. Tayinlovdan avval Iqboljon Ergashev Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lib ishlab kelgan.

2002−2010 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi viloyat boshqarmasida, 2010−2016 yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligida faoliyat yuritgan.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati hokimining qarori bilan Bahodir Holiqov viloyat hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Tayinlovga qadar Bahodir Xoliqov viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Bahodir Xoliqov Soliq tizimida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan, Marg‘ilon, Quvasoy va Farg‘ona shaharlari Davlat soliq inspeksiyalari boshlig‘i bo‘lgan.

2019−2020 yillarda Quvasoy shahar hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — shahar iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i bo‘lib faoliyat olib borgan.

2020 yil 20 fevraldan beri viloyat hokimining o‘rinbosari — mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelgan Saidmurod Aminjonov o‘z arizasiga asosan lavozimidan ozod etildi.