Avvalroq, «Gazeta.uz» YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) o‘zining prezident sayloviga taalluqli dastlabki missiyasini may oyi yakunida yuborishi kutilayotgani haqida yozgan edi.

24 may kuni DIIHBning Ehtiyojlarni baholash missiyasi ekspertlari — DIIHBning saylovlar bo‘yicha katta maslahatchisi Aleksey Gromov va byuroning saylovlar bo‘yicha maslahatchisi Martina Barker-Siganikova Toshkentga keldi. Tashrif doirasida ular saylovlarni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan bir qator tashkilotlar vakillari bilan uchrashadi.


Missiya a’zolari Aleksey Gromov va Martina Barker-Siganikova. Foto: MSK matbuot xizmati.

Jumladan, tashrifning ilk kuni YeXHT vakillari O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev bilan ko‘rishgan. Bu haqda «Gazeta.uz»ga MSK matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqot davomida ekspertlarga byuroning 2019 yilgi parlament saylovlarini kuzatish bo‘yicha missiyasi yakuniy hisobotida taqdim etilgan tavsiyalarning amalga oshirilishi, shuningdek, joriy yilgi saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlari haqida ma’lumot berilgan.

«Biz hamma joyda, barcha mamlakatlarning milliy saylovlari oldidan shu kabi missiyalarni amalga oshiramiz. Joriy yilda shu kabi tadbirlarni Bolgariya, Armaniston va Islandiyada o‘tkazdik. Navbat O‘zbekistonga. Ushbu missiya dastlabki ma’lumotlarni to‘playdi va shu asosda tayyorlangan hisobotni internetda e’lon qiladi. Missiyaning asosiy maqsadi bo‘lajak prezident saylovlarini DIIHB tomonidan kuzatishga zarurat bor yoki yo‘qligini o‘rganishdan iborat. Agar bunga zarurat bo‘lsa, bo‘lajak kuzgi saylovlarda missiyani aynan qaysi formatda joylashtirish kerakligi haqida hulosa beramiz», — dedi missiya vakili Aleksey Gromov.

U shuningdek, hulosa bevosita bir qancha uchrashuvlar yakuni bo‘yicha tomonlardan olingan ma’lumotlar asosida tayyorlanishini ma’lum qildi.

«Tashrifimiz davomida saylovlarga tayyorgarlik jarayonlariga javobgar bo‘lgan ko‘plab vazirlik va davlat idoralari, shuningdek, siyosiy partiyalar, fuqarolik hamjamiyati hamda OAV vakillari bilan uchrashamiz. Biz suhbatdoshlarimiz taqdim etgan ma’lumotlar asosida O‘zbekistonning bo‘lajak kuzatuvlardagi ehtiyojlari haqida hulosa qilamiz», — deya ta’kidladi Gromov.


Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev (markazda). Foto: MSK matbuot xizmati.

Missiya a’zosining qo‘shimcha qilishicha, MSK vakillari uchrashuvda saylov qonunchiligiga yaqinda kiritilgan o‘zgartirishlar, qolaversa, oktyabrdagi saylovlar arafasida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan tadbirlar haqida ham batafsil ma’lumot bergan.

Uchrashuvda shuningdek, byuroning yakuniy hisobotida o‘z aksini topgan tavsiyalarning maqbullari O‘zbekiston saylov qonunchiligi va amaliyotiga implementatsiya qilingani, saylovlarga oid milliy huquqiy baza takomillashtirilgani qayd etilgan.

Qolaversa, shu kunlarda saylov komissiyalari a’zolarining malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etilgani, bunda YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlangan.

Ma’lumot o‘rnida, YeXHT DIIHB metodologiyasi bo‘yicha Ehtiyojlarni baholash missiyasi tomonidan baholash muayyan saylov oldidan amalga oshiriladi. Saylovoldi holatiga beriladigan baho hamda milliy saylov qonunchiligining umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga mosligidan kelib chiqib, saylovni kuzatishning maqsadga muvofiqligi, kuzatish shakli, muddati va kuzatuvchilarning zaruriy soni haqida qaror qabul qilinadi.