Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Angren shahrida yettita mashina ishtirokida sodir bo‘lgan YTH aks etgan video lavhalar tarqaldi. To‘qnashuv oqibatida Lacetti avtomobili yonib ketgan. Videoda yonib ketgan avtomobil ichida yo‘lovchi qolib ketgani aytilmoqda.

Shuningdek, yana bir videoda yuk mashinalari ikkita Lacetti`ning ustiga ag‘darilganini, pastlikka bitta yengil mashina qulaganini ham ko‘rish mumkin.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 24 may kuni soat 09:30larda Angren shahridan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining «Namangan-Toshkent» yo‘nalishida sodir bo‘lgan. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha harakatlanayotgan MAN rusumli tirkamali yuk avtomobili boshqaruvini yo‘qotib, ag‘darilib, o‘zidan oldinda temir yo‘l kesishmasiga yetmay to‘xtagan. Natijada ikkita Lacetti, ikkita Nexia-3, Cobalt, Gentra va Matiz rusumli avtomobillari bilan to‘qnashib, YTH sodir bo‘lgan. To‘qnashuv natijasida Lacetti rusumli avtomobili yonib ketgan.

Xabarga ko‘ra, voqea joyiga Toshkent viloyati FVB va Angren shahar FV bo‘limi, IIB, Prokuratura va SSB hamda tezkor-tergov guruhi xodimlari chiqishgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti haydovchilarning shaxsi haqida ma’lumot berdi. Xabarga ko‘ra, 40 yoshli M.U. boshqaruvida bo‘lgan tirkamali MAN rusumli yuk mashinasida rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib ketayotgan temir yo‘l kesishmasiga yetmasdan to‘xtab turgan fuqaro 43 yoshli I.O. ning boshqaruvida bo‘lgan Lacetti, 30 yoshli K.R. boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2, 44 yoshli E.M. boshqaruvidagi Cobalt rusumli, 46 yoshli I.O. boshqaruvidagi Lacetti rusumli, 45 yoshli M.Z. boshqaruvidagi Lacetti rusumli, 39 yoshli K.M. boshqaruvidagi Nexia-3 rusumli va Matiz rusumli avtomashinalar bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.

Natijada jami 7 nafar shaxslar hodisa joyida vafot etgan va 14 nafar shaxslar olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilganlar. Tan jarohati olgan fuqarolar Angren shahar Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.