24 may kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan ikkita yo‘l-transport hodisasi natijasida uch kishi tan jarohati oldi, bir kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.

Coat 00:15 larda Muqimiy va Bunyodkor ko‘chalari kesishmasida «Epica» avtomashinasi haydovchisi Sh. Sh. (1989 y.t.) boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi ag‘darilib ketgan. Ma’lumotga ko‘ra, u mashinani mast holatda boshqargan.

Haydovchi, shuningdek uning yo‘lovchilari — S.N. (1990 y.t.) va S.R. (1988 y.t.) turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga joylashtirilishgan.

Voqea joyida haydovchilik guvohnomasi va transportni boshqarish huquqini beruvchi boshqa hujjatlar aniqlanmagan. Ularni aniqlash choralari ko‘rilmoqda.


Ikkinchi YTH ertalab soat 4:45 da Bunyodkor ko‘chasida sodir bo‘lgan. Spark haydovchisi 36 yoshli F.Y. ajratib turuvchi to‘singa urilgan. U kasalxonaga yotqizilgan, ammo keyinchalik jarohatlar tufayli vafot etgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.