Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi (hozirda Turizm va sport boshqarmasi) mansabdor va moddiy javobgar shaxslariga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Nurafshon shahar prokuraturasi Jinoyat kodeksining 167 (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209- (Mansab soxtakorligi) moddalari asosida tergov harakatlarini olib bormoqda.

Jinoyat ishi doirasida, 21 may kuni viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘iga JKning 167-moddasi 2-qismi «a, v, g» bandlari (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, ko‘p miqdorda; bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib; mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li bilan) bo‘yicha ayb e’lon qilinib, sudning ajrimi bilan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mazkur bayonot ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil dekabr oyida Toshkent viloyati Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi (hozirda Turizm va sport boshqarmasi) boshlig‘i lavozimiga tayinlangan Komiljon Adilov qamoqqa olingani haqidagi gap-so‘zlar ortidan e’lon qilindi.

«Oltin voha» Telegram-kanalining qayd etishicha, joriy yil ushbu boshqarma tugatilib, turizm va sport bitta tuzilma ostiga birlashtirilgach, umumiy rahbarlik viloyat hokimi o‘rinbosariga yuklatilgan.

Xabar qilinishicha, yaqinda boshqarmani KRU tekshirgan va umumiy hisobda 50 million so‘m kamomad chiqqan.