20 may tongi soat 7:35 da Sergeli tumani «Pastdarxon» MFY Navro‘z 6-tor ko‘chasida joylashgan xonadonlarning birida yong‘in bo‘layotganligi yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining tezkor-qutqaruv guruhiga xabar kelib tushgan. Yarim soatdan so‘ng FVV matbuot xizmati yong‘in haqida dastlabki axborot bergan va bu vaqtda faqat bitta xonadonda yong‘in qayd etilgan bo‘lgan.

Shanba kuni FVV mazkur hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etdi. Unga ko‘ra, yong‘in joyiga birinchi bo‘linma soat 7−45da, ya’ni 10 daqiqada yetib borgan, qolgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari soat 07−47dan soat 08−24 ga qadar, jami 5 ta bo‘linma yong‘in joyiga yetib borgan.

«Yong‘in sodir bo‘lgan xonadon qo‘shni xonadonlarga zich qilib qurilganligi, yong‘inga qarshi devorlar bo‘lmaganligi, shu bilan birga, shamol tezligi yuqori bo‘lib turganligi sababli yong‘in boshqa xonadonlarga ham tezlik bilan tarqalib, natijada 3 ta xonadonga tegishli 200 m² maydonda yong‘in yuzaga kelgan», — deyiladi xabarda.

Yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari tonggi vaqtda poytaxt ko‘chalarida mavjud bo‘lgan tirbandliklarga duch kelgani, Navro‘z 6-tor ko‘chasidagi yer osti gidrantining suv bosimi past bo‘lganligi kabi holatlar yong‘inni tezlik bilan bartaraf etishga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Yonig‘in-qutqaruv bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, yong‘indan jabrlangan va halok bo‘lganlar qayd etilmagan.

Hozirda yong‘in sabablari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

MY5 telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, 19 may kuni 19:10 da Sergeli tumanining qator mahallalarida elektr o‘chirilgan. Keyingi kuni elektr ta’minoti tiklangan, biroq «Navro‘z» mahallasida elektr uzatish tarmoqlarida «ayrim muammolar» yuzaga kelgan va natijada yong‘in sodir bo‘lgan.

Mahallada yashovchi ayol elektr tiklanganidan so‘ng «hammayoq yorug‘ bo‘lib ketganini» ma’lum qildi. Telekanalning qayd etishicha, yong‘in to‘rtta xonadonni yaroqsiz ahvolga keltirgan.

«O‘t o‘chiruvchilar 45 daqiqada keldi, deydi aholi vakillari. Ertalabki 7 larda sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirishga besh soat sarflangan», — deya xabar qildi MY5.

Yana bir fuqaro jabrlanganlar yo‘qligi, lekin hech narsa, shu jumladan hujjatlar va pullar ham yonib ketganini ta’kidladi.