Yakunlanayotgan hafta davomida O‘zbekiston va jahonda sport sohasida qator voqea-hodisalar sodir bo‘ldi. «Gazeta.uz» ushbu hodisalarning eng muhimlaridan haftalik sport yangiliklari dayjestini tayyorladi.

11−15 may kunlari Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Xabarovsk shahrida tashkil etilgan xalqaro turnirda qatnashishdi. Sobiq Ittifoq qahramoni Konstantin Korotkov xotirasiga bag‘ishlangan musobaqada o‘zbekistonlik bokschilar 4 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.

14−16 may kunlari Qozog‘istonning Olma-ota shahrida Beket Maxmutov xotirasiga bag‘ishlab dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo kubogi bo‘lib o‘tdi. Musobaqada Osiyo mamlakatlaridan 200 ga yaqin tatami ustalari ishtirok etishdi.

Osiyo ochiq kubogining dastlabki ikki kunida o‘smirlar tatamiga chiqishgan va unda O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 8 ta kumush, 11 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. So‘nggi kungi bahslar natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik dzyudochilar 6 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza, jami 14 ta medalga ega chiqishdi.

O‘zbekiston terma jamoasi bitta oltin medal farqi bilan umumjamoa hisobida mezbonlardan so‘ng 2-o‘rinni band etdi.

18 may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCH-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslari oldidan o‘tkaziladigan yig‘inda ishtirok etadigan futbolchilarning kengaytirilgan tarkibini e’lon qildi.

Foto: O‘FA matbuot xizmati

Ma’lumot uchun, saralash uchrashuvlari Saudiya Arabistonida markazlashgan holda bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi Singapur, Yaman va Saudiya Arabistoni terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi.

Shu kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, Milliy paralimpiya qo‘mitasi tashkil etiladi.

2021 yil yakuniga qadar barcha mavjud davlat sport ob’ektlari va inshootlarida jismoniy imkoniyati cheklangan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlash belgilandi.

19 may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 9-tur uchrashuvlari yakunlandi. 9-turda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar natijasi hamda turnir jadvali bilan tanishing:

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

Foto: O‘zPFL matbuot xizmati

O‘zbekistonlik bokschi Fazliddin G‘oibnazarov professional boksdagi navbatdagi jangini 26 iyun kuni Las-Vegasda o‘tkazadi. Bu haqda bokschining o‘zi «Olamsport.com» saytiga ma’lum qilgan.

21 may kuni Iordaniyaning Amman shahrida taekvondo WT bo‘yicha Osiyo qit’asi uchun yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirning birinchi kuni o‘tkazildi. O‘zbekistonlik taekvondochilar Nigora Tursunqulova ayollar o‘rtasida — 67 kg, Ulug‘bek Rashitov esa erkaklar o‘rtasida — 68 kg vazn toifasida Tokio-2020 Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Foto: Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati

«Paxtakor»dan tashqari yana 8 ta Superliga va 4 ta Pro liga jamoalarining aksiyalari hokimliklar va davlat kompaniyalari ma’muriyatiga, ularni keyinchalik sotish sharti bilan topshirildi. Toshkent shahar hokimligi endi «Bunyodkor»ning ham egasi va bosh homiysiga aylandi.

Shuningdek, juma kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Paxtakor» futbol klubi rahbariyati bilan uchrashdi. Unda hokim «Paxtakor» hamisha o‘zbek futboli faxri bo‘lib kelganini, bundan buyon klubda barcha sharoitlar muhayyo etilishini ma’lum qildi.

Jamoa O‘zbekistonda yetakchilikni saqlab, Osiyo Chempionlar Ligasi g‘olibiga aylanish maqsadida o‘z harakatlarini muntazam kuchaytirib borishiga urg‘u berildi. Buning uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilishi, yosh futbolchilar va akademiyaga e’tibor qaratilishi aytildi. Qolaversa, klubdagi do‘stona muhit yangi g‘alabalar va rivojlanish yo‘lida asosiy qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

Foto: «Paxtakor» matbuot xizmati

Uchrashuv yakunida «Paxtakor» bosh murabbiyi Piter Xyuistra va jamoa sardori Yegor Krimets minnatdorchilik sifatida poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga ramziy ma’noda «Paxtakor»ning birinchi raqamli libosini taqdim etishdi.