Toshkent viloyati Qibray tumanining 4402 gektar maydonda joylashgan 21 ta mahallasi Toshkent shahri tarkibiga o‘tkaziladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga xalq deputatlari tuman kengashi ma’lum qildi.

20 may kuni deputatlar shaharning ikkita tumani tarkibiga o‘tuvchi mahallalar ro‘yxatini tasdiqlagan. Loyiha xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashiga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

Yashnobod tumani Qibraydagi «Jarboshi», «Tashisti», «Ibrat», «Mirishkor», «Arg‘in», «Bahor», «Chinor» va «Tovkentepa» mahallalarini (umumiy maydoni — 2107,4 gektar) o‘z tarkibiga qo‘shib olishi mumkin. Mirzo Ulug‘bek tumaniga esa «Geofizika», «Alisherobod», «Chingeldi», «Do‘stlik», «Taraqqiyot», «Barkamol», «Bog‘ishamol», «Vatanparvar», «Amir Temur», «Mevazor», «Gulbog‘», «Gulzor-1» va «Pastki-yuz» mahallalarini (umumiy maydoni — 2294,6 gektar) o‘tkazib berish taklif qilingan.

Shu bilan birga, Qibray tumani okrugidan saylangan xalq deputatlari Qibray tuman kengashining deputatlari tegishlicha Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tuman kengashlari tarkibiga o‘tadi.

Qibray tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolardan birining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 2020 yilning sentyabr oyidan buyon kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar poytaxt tumanlariga o‘tkazilgan.

Qibrayning bir qismi poytaxt tarkibiga o‘tkazilishi may oyi boshida Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» bog‘i barpo etilayotgan hududga ilk daraxtlarni ekish vaqtida ma’lum qilgan edi.

«Parlament tasdiqlasa, bu [yer] Toshkentga o‘tadi. Baribir, Toshkent shahri katta bo‘lishi kerak. Aholimizning uy-joyga, ijtimoiy sohalarga talabi yuqori bo‘layapti», — degan edi prezident. O‘shanda davlat rahbari poytaxtdagi qurilish ishlarini ham Toshkent tashqarisiga chiqarish kerakligini qo‘shimcha qilgandi.

«Gazeta.uz» eslatib o‘tadi, park, «Istiqlol» majmuasi va boshqa ob’ektlar qurilishi munosabati bilan davlat ehtiyojlari uchun fermer xo‘jalik yerlari olib qo‘yilmoqda. Xususan, shu kunlarda Qibrayda buldozer yordamida 8 ga maydonda hosili pishib turgan qulupnay dalasi buzib tashlandi. Yer egalariga kompensatsiyaning bir qismi to‘lab berilgan.