O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni videoanjuman shaklida o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan Oliy kengashning navbatdagi yig‘ilishida kengash faxriy raisi, Qozog‘istonning Birinchi prezidenti — Elboshi Nursulton Nazarboyev, Armaniston bosh vaziri vazifasini bajaruvchisi Nikol Pashinyan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat — Kuba prezidenti Migel Bermudes va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ham ishtirok etdi.

Tadbir kun tartibidan iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy hamkorlik qilish hamda YeOII faoliyatini takomillashtirishga doir dolzarb masalalar o‘rin oldi.

Davlat rahbari o‘z nutqida hal etilishi o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni talab etuvchi eng muhim vazifalarga alohida to‘xtaldi.

Xususan, quyidagilar alohida qayd etildi:

  • savdo munosabatlarini, shu jumladan to‘siqlarni bartaraf etish va savdoni notarif tartibga solish choralarini yaqinlashtirish orqali yanada kengaytirish uchun salmoqli salohiyat mavjud;
  • mamlakatlarning yetakchi korxonalari va hududlarning sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash, Yevroosiyo taraqqiyot bankini jalb qilgan holda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarida hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni ilgari surish muhim ahamiyatga ega;
  • transport-tranzit sohasidagi dolzarb masalalarni hal qilish va yuk tashish hajmini oshirish maqsadida o‘zaro imtiyozlarni kengaytirish lozim.

Epidemiologik vaziyatning barqarorlashuvi va aholini emlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni hisobga olib, mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi muntazam havo va temir yo‘l qatnovini qayta tiklash taklif etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning YeOII soliq va bojxona ma’muriyatchiligi, sanoat, mehnat migratsiyasi va turizm bo‘yicha raqamli platformalariga ulanish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda, shuningdek, boshqa qator ustuvor yo‘nalishlar borasida hamkorlik qilish imkoniyatlari o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston prezidenti so‘zining yakunida kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorligida aniq va sezilarli natijalarga erishish muhim ekanini yana bir bor ta’kidladi.

«Yana bir bor ta’kidlayman, O‘zbekiston uchun kuzatuvchi sifatida YeOII bilan o‘zaro aloqalarning aniq, sezilarli natijalariga erishishni ta’minlash muhim. Ushbu maqsadlarda, jumladan, tovarlar, kapital, mehnat resurslari va xizmatlarning aylanish jarayonini soddalashtirish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni izchil rivojlantirish zarur deb hisoblaymiz. Ochiq va konstruktiv muloqotni kutmoqdamiz. Aminmanki, bunday sherikchilik yangi imkoniyatlarni ochadi, mamlakatlarimizning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, xalqlarimiz farovonligining yuksalishiga qo‘shimcha turtki beradi», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini ushbu tashkilotning o‘tgan yil 11 dekabrdagi sammitida olgan edi.