18 may kuni Navoiyda kichik va o‘rta biznes vakillariga yangi biznes loyihalarini yo‘lga qo‘yish va mavjudlarini kengaytirishlari uchun uskunalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastgohlar kichik biznes tashabbuslarini va aholining zaif qatlamlarining individual mehnat faoliyatini qo‘llab-quvvatlash dasturi asosida topshirildi. Mazkur tashabbus Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda yoshlar bandligiga ko‘maklashish» qo‘shma loyihasining bir qismi sifatida amalga oshirilmoqda, deya xabar qildi BMTTD «Gazeta.uz»ga.

Tadbirkorlarga 37 dona ishlab chiqarish uskunalari va maxsus jihozlar bepul topshirildi. Bu Navoiy viloyatida ayollar va yoshlar uchun 24 ta yangi ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi kutilmoqda. Shuningdek, 21 nafar ayollar va yoshlar vakillari zamonaviy kasblarni o‘rganishlari va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishlari mumkin.

Tadbirkorlarning tanlab olingan loyihalari qatoriga o‘quv markazini yaratish, bolalar uchun mahsulotlar ishlab chiqarish, tikuvchilik korxonasini yaratish, oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib berish xizmatini tashkil etish va boshqalar kiradi.

Ushbu tashabbus ishtirokchilari ayollar va yoshlar uchun yaratiladigan yangi ish o‘rinlari soni, kelajakda loyihaning imkoniyatlari kabi mezonlar bo‘yicha tanlov asosida tanlab olindi, deyiladi xabarda.

Umuman olganda, Rossiya tomonidan moliyalashtiriladigan «O‘zbekistonda yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish» loyihasi doirasida va Yaponiya hukumatining moliyaviy ko‘magi bilan olti hudud: Andijon, Namangan, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 34 nafar tadbirkorga (shundan 21 nafari yoki 62% ayollar) uskunalar berilmoqda. Ular 1,3 milliard so‘mga 323 dona tikuv va IT-uskunalari, mebel va maishiy texnika oladi. Natijada 187 ta yangi ish o‘rinlari ochilishi kutilmoqda, ularning 132 tasi (yoki 70% dan ortig‘i) ayollar uchun.