Isroil xavfsizlik kengashi a’zolari 20 may, payshanba kuni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish uchun ovoz berishdi, deb xabar berdi RBK The Jerusalem Post ma’lumotlariga tayanib.

Falastinning islomiy HAMAS tashkiloti vakili Reuters agentligiga G‘azoda «o‘zaro va bir vaqtning o‘zida» sulhi juma kuni kechqurun kuchga kirishini ma’lum qilgan.

Mamlakat tomonlar o‘rtasida vositachilik qilgan Misr xavfsizlik manbasi,The Jerusalem Post`ga sulh tafsilotlari hali ishlab chiqilishini aytgan.

«Men Misr va Qatarga G‘azo va Isroilda tinchlikni tiklashga yordam berish uchun BMT bilan yaqin muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildiraman. Men barcha tomonlarni sulhga rioya qilishga chaqiraman», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

So‘nggi yillarda G‘azo sektorida hukmronlik qilayotgan HAMAS harakati va Isroil o‘rtasida eng yirik harbiy mojaro avj olishi 11 kundan beri davom etmoqda. Bu vaqt ichida sektordagi XAMAS va boshqa guruhlar Isroil hududiga nafaqat G‘azo sektori bilan chegaradosh shaharlarga, balki mamlakat markazida joylashgan Quddus va Tel-Avivga ham qaratilgan 3500 ga yaqin raketalarni uchirgan.

Ularning aksariyati «Temir gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimi tomonidan ushlangan. Isroil mudofaa kuchlari bunga javoban G‘azodagi 1500 ga yaqin nishonga hujum uyushtirdi.

Isroilda HAMASning raketa hujumlari natijasida 12 kishi halok bo‘ldi va 50 dan ortiq odam jiddiy jarohat oldi. G‘azoda 230 nafar Falastin fuqarosi halok bo‘ldi va 1,7 mingdan ziyod kishi jarohat oldi. Vafot etganlar orasida 65 nafar bola, 39 nafar ayol va 17 nafar keksa odam bor.

Mojaroning kelib chiqishiga Isroil sudining Quddusdagi bir necha arab oilalarini Shayx-Jarroh hududidan chiqarib yuborilishi haqidagi qarori sabab bo‘lgan. Namoyishlar natijasida Ma’bad tog‘ida politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi, falastinliklar politsiyaga tosh otishga urinishgan. Bunga javoban ular rezina o‘qlar va yig‘latuvchi gazdan foydalanganlar. Masjid al-Aqso qadimgi Quddusning qoq markazida joylashgan Islom dinining eng muqaddas ziyoratgohlaridan biridir. Shuningdek, huddi shu joyda yahudiylar uchun muqaddas joy — Ma’bad tog‘i mavjud.

G‘azo sektoridan raketa hujumlari boshlangandan so‘ng, Isroilning bir nechta shaharlarida yahudiylar va arablar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.