So‘nggi haftalarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri — bu prezident tomonidan selektor yig‘ilishi paytida ko‘tarilgan xorijiy tillarni o‘qitish sifati masalasi bo‘ldi. Mazkur sohada vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar e’lon qilindi: xalqaro til sertifikatlariga ega bo‘lgan o‘qituvchilarga ustama haqlari joriy etish; yangi (yoki qayta) ishga qabul qilingan o‘qituvchilar uchun milliy va xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish lozimligi talabini joriy etish; yuqori ball olgan o‘qituvchilar uchun o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplash; xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish maqsadida har bir tuman va shahar uchun mablag‘ ajratish; chet ellik o‘qituvchilarni jalb qilgan holda ixtisoslashtirilgan maktablarni ochish; xorijiy tillarni bilish bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarga erishgan maktablarni rag‘batlantirish uchun prezident mukofotini joriy etish.

Har bir maktab bitiruvchisi ikkita xorijiy tilni mukammal bilishi lozimligi haqida gapirildi. Xalqaro talablarga javob beradigan darsliklar va metodikalarni joriy etish, shuningdek, OTMlarda ixtisoslik fanlarni xorijiy tillarda o‘qitish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimlarga tayinlashda xorijiy tilni bilishni majburiy talab sifatida joriy etish hamda xorijiy tilni chuqur biladigan xodimlarga qo‘shimcha ustama to‘lovi joriy etish maqsadlari borasida so‘z yuritildi. Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etilishi e’lon qilindi.

E’lon qilingan ko‘plab chora-tadbirlar Prezidentning «Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida o‘z aksini topdi. Biroq, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirishga urinishlar bir qancha vaqt oldin — Prezidentning 2012 yil 10 dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi keng ko‘lamli qarori asosida ham amalga oshirilgan edi. O‘sha davr matbuotida bot-bot ko‘zga tashlangan «ushbu qarorning muvaffaqiyatli hayotga tatbiq qilinayotganligi» to‘g‘risidagi «ajoyib» ma’ruzalar va hisobotlarga qaramay, haligacha, davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berishicha, «joylardagi ahvol maqsad qilingan katta rejalarga mos emas».

Balki yangi qadamlarni bosishdan oldin avvalroq bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlash, tahlilini qilish kerakdir? Axir, o‘zbek adabiyotining buyuk namoyondasi Abdulla Qodiriy yozganidek, «moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlik, deydilar».

Xorijiy tillar o‘qituvchilari: sertifikat ko‘rinishidagi «qamchi» va ustama ko‘rinishidagi «asal»

Ma’lum qilinishicha, 53 ming xorijiy til o‘qituvchisidan atigi 4 foizida milliy va xalqaro til sertifikati mavjud. Maktablardagi 11 ming xorijiy til o‘qituvchisining deyarli yarmi test sinovlaridan o‘ta olmagan.

Prezidentning yuqorida eslab o‘tilgan 2012 yildagi qarori bilan xorijiy til o‘qituvchilariga oylik ustamalar belgilangan edi. Davlat test markazi (DTM) tarkibida maxsus boshqarma tashkil etilgan edi va o‘qituvchilarni test sinovidan o‘tkazish mazkur boshqarmaning vazifalaridan biri etib belgilangan edi. Ustamalar aynan shu test natijalari asosida tayinlanadi.

Ushbu testlarni muvaffaqiyatli topshirgan o‘qituvchilarning ulushi juda pastligi sababli ustama olish uchun test natijalariga qo‘yiladigan talablar yumshatildi. Shuningdek, o‘qituvchilar uchun ommaviy haftalik o‘quv kurslari tashkil etildi, ularda ko‘plab o‘qituvchilar tahsil olishdi, buning uchun byudjetdan ozmuncha mablag‘ sarflanmagan bo‘lsa kerak. Ammo, shuncha sa’y-harakat bilan natija maqtangudek emas — xorijiy tillar o‘qituvchilarining yarmi o‘zlari o‘qitayotgan xorijiy tilni talab darajasida bilmaydi. Buning sababi nimada?

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda ta’lim sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 1,9 million so‘mni tashkil etgan, vaholanki norasmiy iste’mol savati 2,1 million so‘mga teng deyilmoqda. Inflyatsiya darajasi 11,1 foizni tashkil etgan bir paytda ish haqi 2019 yilga nisbatan atigi 7,4 foizga oshgan. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, ustamalar, ish haqi, rag‘batlantirish to‘lovlari, kompensatsiya to‘lovlari va ishlamagan vaqt uchun to‘lovlar ham shu 1,9 millionning ichiga kiradi. Hali bu mablag‘dan jismoniy shaxslarning daromad solig‘i va kasaba uyushma jamg‘armasiga ajratmalar ushlab qolinishini hisobga oladigan bo‘lsak, vaziyat kishini u qadar xursand qilmaydi.

Hali bu ish haqini olish uchun maktab o‘qituvchisi haftasiga 20 soat dars o‘tishi va 16 soat darsdan tashqari ishlarni bajarishi, oliy ta’lim o‘qituvchisi esa o‘quv yili davomida kamida 400 soat auditoriyada dars o‘tishi kerak. HeadHunters yoki IshKop saytlari ma’lumotlariga ko‘ra, xuddi shu o‘qituvchi, milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lsa, xususiy markazlarda 10−15 million so‘mgacha pul topishi mumkin. Shuni ham hisobga olish kerakki, davlat maktabida yoki OTMdagi va o‘quv markazidagi sharoitlarni (guruhdagi talabalar soni, qog‘ozbozlik, darsliklarning sifati, uslubiy va texnik jihozlanganlik darajasi, haftalik ish hajmi) odatda bir-biri bilan solishtirib bo‘lmaydi.

6 mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qat’iy topshiriq berildi: yaqin uch yilda 53 ming maktab o‘qituvchisi xalqaro til sertifikatlarini olishlari shart. Savol tug‘iladi: xalqaro sertifikatga ega bo‘lgandan keyin ularning qanchasi maktablarda qoladi? Axir, prezidentning yangi qaroriga binoan endi S1 darajali sertifikatlarga ega o‘qituvchilarga har oy beriladigan 50 foizli ustama to‘lovi bilan qo‘shib hisoblaganda ham maktablardagi ish haqi xususiy markazlardagi ish haqidek jozibador bo‘la olmaydi, buning ustiga ish sharoitlari, yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, tubdan farq qiladi.

Agar biz ta’limning davlat sektori malakali o‘qituvchilar uchun jozibador bo‘lishini istasak, avvalambor ish sharoiti va ish haqi o‘z ishini puxta biladigan mutaxassislar uchun raqobatbardosh bo‘lishi kerak.

Bu nafaqat xorijiy tillar o‘qituvchilari, balki barcha fanlarga tegishli. Axir, masalan, ona tili, matematika yoki tabiiy fanlarni yaxshi biladigan va bolalarda bilim olishga ishtiyoqni uyg‘ota oladigan o‘qituvchining mehnati jamiyat uchun xorijiy til o‘qituvchisi mehnatidan kam ahamiyatli emas, to‘g‘rimi? Shuningdek, malaka oshirish va kasbiy o‘sish uchun ham «xo‘ja ko‘rsin»ga emas, balki real ehtiyojlarni hisobga olgan holda sharoitlar yaratilishi kerak.

Yangi (yoki qaytadan) ishga qabul qilinadigan o‘qituvchilar uchun milliy va xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish majburiy talab sifatida belgilanishi rejalashtirilmoqda. Xo‘sh, unda filologik yo‘nalishdagi OTMlarning diplomi bir parcha qog‘ozga aylanadimi? Axir, amaldagi davlat standartlariga muvofiq, bo‘lajak xorijiy tillar o‘qituvchilari tayyorlanadigan filologik yo‘nalishdagi OTMlar bitiruvchilari tilni S1 darajasida bilishi kerak ekan, bu — nazariy jihatdan — filolog diplomiga ega shaxsning tilni talab darajasida bilishini anglatmaydimi?

Ushbu talab bajarilyaptimi o‘zi? Bitiruvchiga ta’lim muassasalarida xorijiy tildan dars berishga ruxsat beruvchi diplom berilishidan oldin uning haqiqatda S1 darajaga ega ekanligi qanday tekshirilyapti? Modomiki xorijiy til o‘qituvchisi o‘zi o‘qitayotgan tilni kerakli darajada bilishi kerak ekan, unda kasbiy faoliyatga ruxsat beruvchi hujjat berishdan oldin ushbu talabning bajarilishini tekshirish mantiqan to‘g‘ri bo‘lmasmidi? Ishga kirayotganda til sertifikatini talab qilish filolologik yo‘nalishdagi OTMlar bitiruvchilariga nisbatan adolatsizlik bo‘lmaydimi, axir, matematika yoki tarix fakulteti bitiruvchisini ishga olish uchun matematika yoki tarixni talab darajasida bilishi to‘g‘risidagi sertifikat talab qilinmaydi-ku?

Tanganing ikkinchi tomonini ko‘rib chiqamiz. Til sertifikati faqat tilni bilish darajasini ko‘rsatadi, ammo o‘qituvchining kasbiy mahoratini ko‘rsatmaydi. Deylik, IELTS imtihonidan 7.0 yoki undan yuqori natijaga ega bo‘lish, kishi ingliz tilini o‘qitish metodikasini bilishini, sinfni boshqara olishini va o‘quvchilarni ruhlantira bilishini anglatmaydi — aks holda, bunday sertifikatga ega maktab o‘quvchisi ham sinfga kirib, tengdoshlariga dars berishi mumkin bo‘lar edi. Ammo hozircha na bo‘lajak o‘qituvchilar uchun o‘quv dasturidagi 270 kreditdan atigi 9 kredit ajratilgan «Pedagogika» va «Metodika» fanlarining eskirgan mazmunini qayta ko‘rib chiqish va na pedagogik mahoratni tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilarni rag‘batlantirish to‘g‘risida hech bir so‘z yuritilmayapti.

Fanni bilish va uni o‘qita bilish — har xil tushunchalar. Xorijiy til o‘qituvchisi uchun xorijiy tilni bilish, masalan, matematik uchun — matematikani bilish yoki tarixchi uchun — tarixni bilish kabi tabiiy holatdir, chunki aslida filologiya yoki xorijiy tilga ixtisoslashgan OTM bitiruvchisi uchun bu shunchaki xorijiy til emas, balki uning mutaxassisligi, «noni"dir. Pedagogika, ta’lim psixologiyasi, o‘qitish metodikasi, baholash singari fanlar o‘qituvchilarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishda asosiy fanlardan bo‘lishi kerak va ushbu fanlarning mazmuni pedagogika fanining zamonaviy tendensiyalariga mos kelishi kerak. O‘qituvchilarni rag‘batlantirishda nafaqat fan bo‘yicha bilimlarini, balki dars berish mahoratini ham hisobga olish kerak.

Maktab bitiruvchisi uchun ikkita tilni mukammal bilish — uddalab bo‘lmas vazifa (mi)?

Endilikda, maktab, litsey, kollej va OTMning har bir bitiruvchisi kamida ikkita xorijiy tilni mukammal bilishi shartligi ta’kidlandi. Mukammal deganda CEFR shkalasi bo‘yicha kamida S1 darajasi tushuniladi, vaholanki, amaldagi standartlar maktab yoki litsey bitiruvchisidan tilni V1 darajasida bilishini talab qiladi. Bundan tashqari, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan rus tili (ta’lim rus tilida olib borilmaydigan maktablar uchun) va xorijiy tillar bo‘yicha milliy o‘quv dasturlari loyihalarida ham ushbu tillarni maktabda V1+ darajasigacha o‘qitish nazarda tutilgan.

2012 yilgi qarordan keyin xorijiy tillar maktablarda 1-sinfdan o‘qitila boshlangan edi. Amaldagi maktab o‘quv rejasida 11 yil davomida xorijiy tilni o‘rganish uchun 984 soat ajratilgan.

Kembrij universiteti tavsiyalariga qaraydigan bo‘lsak, o‘rta maktab o‘quvchisi yaxshi o‘qituvchi yordamida ingliz tilidan V2 darajasiga erishishi uchun 750dan 950gacha auditoriya soati talab qilinadi. Qizig‘i shundaki, agar o‘rta maktab o‘quvchisi A1 darajasiga (boshlang‘ich darajaning birinchi bosqichi) erishishi uchun 200 soatgacha vaqt talab qilinsa, boshlang‘ich sinflar o‘quvchisiga xuddi shu darajani egallash uchun 440 soat kerak bo‘ladi. Bu esa amaldagi o‘quv rejasi bilan o‘quvchi A1 darajasini eng yaxshi vaziyatda 6-sinf oxiridagina egallashi mumkinligini anglatadi.

Har bir keyingi (qiyinroq) darajani o‘zlashtirish avvalgi darajaga nisbatan ko‘proq soat talab etishini hisobga olsak, maktab yakuniga qadar tilni mukammal bilish — ota-onalarning repetitor yoki xususiy markazlarda qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun moliyaviy xarajatlarisiz amalga oshadigan vazifa emas. Bundan tashqari, maktab o‘quv dasturiga nafaqat tillar, balki boshqa fanlar ham kiritilganini, ularning har biri bolalar rivojlanishi uchun ahamiyatli ekanini unutmaylik.

Shu nuqtai nazardan, boshlang‘ich maktabda — bolalar hali o‘z ona tilidagi matnlarni tushunishda muammolarga duch kelayotgan paytda ularga uchta yoki hatto to‘rtta tilni o‘qitish samara beradimi yoki ehtimol, xorijiy tillarni o‘quv dasturiga o‘rta maktabda kiritib, bir darajani o‘zlashtirish uchun kamroq vaqt sarflagan maqulroqmi? Bu masalaga populizm nuqtai nazaridan yondashmasdan, ilmiy asoslangan javob qidirib ko‘rish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Esimda, ilgari xorijiy tillarni 5-sinfdan boshlab o‘rganishni boshlashardi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) va Jahon bankining mazkur masala bo‘yicha Qirg‘izistonga bergan tavsiyalari to‘g‘risida esa ilgariroq yozgandim.

Metodika, darsliklar, baholash tizimi — «eski hammom, eski tos» (mi)?

Muammo nafaqat tillarni o‘rganishga ajratilgan soatlarda, balki metodikada, darslik va o‘quv qo‘llanmalarda, shuningdek, baholash tizimida hamdir.

Chet tillari to‘g‘risidagi 2012 yilgi qarorning muqaddimasida bunday deyilgan edi: «Chet tillarni o‘rganishni tashkil qilishning amaldagi tizimini tahlil etish shuni ko‘rsatmoqdaki, ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari va darsliklar zamon talablariga, xususan, ilg‘or axborot va media-texnologiyalardan foydalanish borasidagi talabga to‘liq javob bermayapti. Ta’lim asosan an’anaviy uslublarda olib borilmoqda». Shundan so‘ng, CEFR — Chet tillarini bilishning Umumevropa talablari asosida yangi ta’lim standartlari qabul qilindi, yangi darsliklar nashr etildi va chet tillari bo‘yicha milliy test tizimi joriy etildi.

2012 yilgi qaror bilan keyin chet tillarini o‘rganishni yanada rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan edi. Ushbu kengashning vazifalaridan biri chet tillari bo‘yicha darsliklar uchun mualliflik guruhlarini tasdiqlash edi. O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti esa ushbu kengashning ishchi organi etib belgilangan edi. Eng qizig‘i, universitet huzuridagi Innovatsion metodikalarni rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazi xodimlari ingliz tili bo‘yicha yangi maktab darsliklarining mualliflari sifatida jalb qilinganligi haqida oldin ham yozgan edim. 2020 yilda nashr etilgan yangi 8-sinf darsligini varaqlab ko‘raylik.

8-sinf o‘quvchisi, amaldagi standartlarga muvofiq, tilni A2 darajasida — boshlang‘ich darajaning ikkinchi bosqichida o‘rganayotgan bo‘ladi. Bu daraja tanish yoki kundalik mavzular bo‘yicha oddiy ma’lumot almashish bilan bog‘liq vazifalarni bajarish, shuningdek, sodda so‘zlar yordamida o‘zi, oilasi va do‘stlari haqida, kundalik hayotning asosiy jihatlari haqida gapirib bera olishni nazarda tutadi.

Bu daraja uchun darslikda tanlangan mavzular anchayin «qiziqarli»: urf-odatlar va an’analar, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, ekologiya… A2 darajada so‘z boyligiga ega o‘quvchi qanday qilib bunday nisbatan mavhum mavzulardagi matnlarni tushunishi va bu mavzular doirasida muloqot qila olishi tushunarsiz. Mazkur savolga javobni ushbu darslikning o‘qituvchi uchunmetodik qo‘llanmasidan topishga urinish samara bermadi: bu darslik asosidagi o‘qituvchi kitobi o‘rniga XTV darsliklari portalida butunlay boshqa, 2014 yilda nashr etilgan va hozirda iste’moldan chiqqan darslik asosidagi o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma joylashtirilgan.

Prezident matbuot xizmati yangi tashkil etiladigan xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktablarga chet elda ishlab chiqarilgan darsliklar, ilg‘or o‘quv dasturlari va metdikalarni tanlash erkinligi berilishini ma’lum qiladi. Savol tug‘iladi: nima uchun barcha maktablar o‘qituvchilariga o‘z o‘quvchilariga mos keladigan metodika va qo‘llanmalarni tanlash erkinligini berish mumkin emas? Axir xususiy markazlar va repetitorlar xalqaro nashriyotlar chop etgan kitoblar yordamida dars o‘tib, natijalarga erishmoqdalar-ku. Bundan tashqari, sog‘lom raqobat mahalliy mualliflar va nashriyotlarni o‘z kitoblarining metodik sifatiga ko‘proq e’tibor qaratishga majbur qilgan bo‘larmidi.

Til bilish, birinchi navbatda, kommunikativ kompetensiyalarni egallash deganidir. Til og‘zaki va yozma nutqni tushunish, shuningdek, og‘zaki va yozma ravishda muloqot qila olish uchun o‘rganiladi, lug‘at boyligi va grammatikani bilish esa tushunish va muloqot uchun xizmat qilishi kerak. Leksik va grammatik bilimlar kommunikativ kompetensiyalar orqali tekshirilishi mumkin, ya’ni insonning og‘zaki va yozma matnlarni qay darajada tushunishi, yozma va og‘zaki nutqinini baholash orqali uning so‘z boyligi va grammatik bilimlari to‘g‘risida xulosa chiqarish mumkin.

Aksincha bo‘la olmaydi: lug‘at va grammatikani baholash kommunikativ kompetensiyalar haqida to‘liq ma’lumot bermaydi — inson grammatika qoidalarini yaxshi bilishi, ko‘p so‘zlarni yodlagan bo‘lishi, ammo nutqni tushunmasligi va muloqot qila olmasligi mumkin. Aynan shuning uchun ham xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro miqyosda tan olingan barcha imtihon tizimlari — ingliz tili bo‘yicha IELTS, TOEFL yoki Cambridge Exams, nemis tili bo‘yicha TestDAF yoki Goethe-Zertifikat, fransuz tili bo‘yicha DELF yoki DALF va boshqalar — aynan nutq malakalarini tekshiradi.

Bizning xorijiy tillar bo‘yicha baholash tizimimiz asosan grammatika va so‘z boyligini tekshirishga qaratilgan — 2012 yildagi qarordan oldin ham shunday edi, undan keyin ham shu holicha qoldi. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xorijiy tillar o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazishda kommunikativ kompetensiyalarni tekshirmaydi. DTMning OTMga kirayotgan abituriyentlar uchun mo‘ljallangan testlari ham grammatikani, so‘z boyligini va qisman o‘qishni tekshirishga qaratilgan, buning ustiga, mazkur testlarning validligi — til darajasini baholashga yaroqliligini tasdiqlaydigan ilmiy tadqiqot natijalari haligacha e’lon qilinmagan.

Baholash tizimining ta’limga ta’siri — «washback effekti»ni hisobga olsak (oldin ham bu haqda bir necha marta yozganman), bizning o‘qituvchilarimiz va o‘quvchilarimiz qaysi artiklni qayerga qo‘yishni xorijliklarday bilishlari mumkindir, lekin aksar hollarda muloqot qilishda va tushunishda muammolarga duch kelishadi.

Chet tillari bo‘yicha milliy test tizimi mazkur holatni o‘zgartirishga yordam berishi mumkin edi. Aynan «edi»: ko‘pchilik abituriyentlar bu tizimda imtihon topshirishga qiziqayotgan bir paytda abituriyentlarga qo‘yiladigan talablar o‘zgartirildi, endilikda faqat V2 yoki undan yuqori darajadagi sertifikat abituriyentni OTMga kirish paytida chet tili testlaridan ozod qilishi belgilandi va natijada ko‘pchilikning bu tizimga qiziqishi yo‘qoldi. Bu qaror hali muhokama qilinayotganidayoq bunday o‘zgarishlarning ehtimoliy oqibatlari to‘g‘risida yozgan edim. Axir V2 darajasi abituriyent uchun anchagina yuqori daraja hisoblanadi va maktab o‘quv dasturi bu darajaga erishishni umuman ko‘zda tutmaydi.

Milliy sertifikat egalari soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, talabgorlarning atigi 9 foizi V2 va undan yuqori darajadagi milliy tizim testlaridan o‘ta olishgan, 2019 yilda o‘zbekistonliklarning IELTS imtihoni bo‘yicha o‘rtacha natijalari esa atigi 5,7 ballni tashkil etgan — bu, masalan, Rossiya, Ukraina yoki Qozog‘istonga nisbatan pastroq.

Yig‘ilishda OTMlarda fanlarni chet tilida o‘qitish haqida ham so‘z yuritildi. Xuddi shu vazifa — oliy o‘quv yurtlarida ayrim maxsus fanlarni, xususan, texnik va xalqaro mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitishni chet tillarda olib borish — 2012 yilgi qarorda ham belgilangan edi. Ammo mutaxassislik fanlarini xorijiy tilda muvaffaqiyatli o‘zlashtirish uchun talaba ma’ruzalar, o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tushunishi va ushbu tilda kurs ishlarini yoza olishi kerak. Amaldagi test tizimi esa mutaxassislik fanlarini xorijiy tilda o‘zlashtirishga tayyor abituriyentlarni tanlash imkonini bermaydi — bunday vaziyatda talaba na tilni va na o‘z mutaxassisligini o‘zlashtirisha oladi. Maxsus fanlarni xorijiy tillarda o‘qita oladigan mutaxassislar ham, prezident keltirgan raqamlarga qaraganda, unchalik ko‘p emas va bori ham, katta ehtimol bilan, ish haqi yuqoriroq, har xil «boshog‘rig‘i» esa kamroq bo‘lgan xususiy OTMlarda yoki chet el OTMlarining filialida ishlashni afzal ko‘rishadi.

O‘qitish tizimi samarali bo‘lishi uchun «standartlar-metodika-baholash» uchligi hamohang ishlashi zarur. Standartlar bir talabni ilgari surib, metodika boshqa tomonga yo‘naltirilib, baholash tizimi esa butunlay boshqa narsani tekshirsa, muvaffaqiyatga erishish mumkin emas, buni 2012 yilda qabul qilingan qarordan keyingi amaliyot ham isbotladi. Mazkur muammoni hal qilish uchun kompleks yondashuv talab etiladi. Darsliklar hamda test sinovlari sohalarini monopoliyadan chiqarish esa raqobat muhitini yaratish orqali ta’limning asosiy tarkibiy qismlari uyg‘unligini ta’minlashga, shu yo‘l bilan ta’lim sifatini, xususan, xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirishga yordam berishi mumkin.

Agentlik, kanallar, mablag‘lar: byudjet tayyormi?

Prezident qarori bilan, shuningdek, yangi davlat organi — Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi. Uning poytaxtda markaziy apparati va viloyatlarda filiallari bo‘ladi. Agentlik xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtiradi, talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarni o‘qitishni tashkillashtiradi, aholining barcha qatlamlariga mos bo‘lgan tilni o‘rganish bo‘yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtiradi hamda o‘rgatuvchi kontent — videoroliklar, o‘yinlar, ko‘ngilochar dasturlar, filmlar yaratadi. Bundan tashqari, u davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish uslubiyotlarini yaratishi va hududlar, tarmoqlar, davlat organlari va ta’lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini tuzishi kerak.

2012 yilgi qaror qabul qilinganidan so‘ng ham bir qator organlar — chet tillarini o‘rganishni yanada rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash, O‘zDJTU huzuridagi Innovatsion metodikalarni rivojlantirish bo‘yicha respublika ilmiy-amaliy markazi, DTM tarkibidagi Chet tillarni bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi tashkil qilingan edi. Xo‘sh, yangi tashkil qilinayotgan agentlikning vazifalarini mavjud davlat idoralari bajara olmaydimi?

Xorijiy tillarni o‘qitishning xalqaro tan olingan dastur va darsliklari ta’limning barcha bosqichlarida joriy etilishini muvofiqlashtirish — bu ta’limni boshqaruvchi organlar — MTV, XTV yoki Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining, shuningdek, ta’lim muassasalarining bevosita vazifasi emasmi? Nima uchun o‘quvchilar yoki talabalar bilan bevosita ishlaydigan o‘qituvchiga o‘z auditoriyasiga mos dasturlar va darsliklarni tanlash huquqini bera olmaymiz? Axir, yuqorida ta’kidlaganimdek, o‘quv markazlaridagi o‘qituvchilar va repetitorlar o‘zlari mijozlarning talablaridan kelib chiqib, darsliklar va metodikalarni tanlaydilar va bu vazifani juda yaxshi uddalashyapti. Yangi organ ta’lim muassasalari uchun buyruqlar yuboradigan va hisobotlar talab qiladigan yana bir «xo‘jayin»ga aylanib qolmaydimi?

Talab yuqori bo‘lgan xorijiy tillarni o‘qitishni tashkillashtirish — bozor sharoitida tabiiy ravishda talab bo‘lgan joyda taklif paydo bo‘lishi kerak emasmi? Bundan tashqari, agentlik qanday qilib o‘qitishni tashkillashtirishi ham noaniq — o‘quv markazlarini ochib, xususiy sektor bilan raqobatlashadimi? Aholining barcha qatlamlariga mos bo‘lgan tilni o‘rganish bo‘yicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish — bu kabi metodikalar allaqachon xorijlik metodist olimlar va darsliklar mualliflari tomonidan xalqaro bozorni hisobga olgan holda yaratilmaganmi?

Masalan, Oksford, Kembrij, Longman, Makmillan kabi xalqaro nashriyotlarning kataloglarida maktabgacha yoshdagi bolalardan tortib turli sohalar mutaxassislariga qadar har qanday yoshdagi o‘rganuvchiga ingliz tilini o‘qitishga mo‘ljallangan darsliklarni, shuningdek o‘qish va o‘qitishning turli jihatlari bo‘yicha professional adabiyotlarni topishingiz mumkin.

O‘rgatuvchi kontentni yaratish — hozirgi kundagi xorijiy tillarni o‘rganish uchun pullik va bepul yuqori sifatli video va mobil kontent haddan ortiq ko‘p bo‘lgan bir vaqtda bu masala qanchalik dolzarb? Davlat tilidan xorijiy tillarga va xorijiy tillardan davlat tiliga professional tarjima qilish metodikasini yaratish — unda ixtisoslashtirilgan OTMlar va ilmiy-tadqiqot institutlari nima bilan shug‘ullanadi? Ta’lim tashkilotlari kesimida xorijiy tillarni bilish reytingini yuritish, agar bu kabi reyting haqiqatan ham zarur bo‘lsa — nima uchun ta’lim muassasalari reytingini o‘tkazish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi buni qila olmaydi, axir, chet tillarini o‘qitish sifati umumiy ta’lim sifatining bir bo‘lagi emasmi?

Ba’zi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga uch oy ichida xorijiy tillarda kechayu-kunduz efirga uzatiladigan yangi teleradiokanallarni ishga tushirish to‘g‘risida ko‘rsatma berilganligi haqida xabar berildi. 2012 yilgi qarorda quyidagilarni o‘qiymiz: «O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi quyidagilarni ta’minlasin… televideniye, shu jumladan mahalliy telekanallar orqali bolalar va o‘smirlarni xorijiy tillarga o‘rgatish bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlash hamda ularni translyatsiya qilish, xorijiy badiiy hamda multiplikatsiyaviy filmlarni o‘zbek tilidagi subtitr yordamida, muntazam ko‘rsatib borishni amalga oshirish».

MTRKning 13 ta markaziy kanalidan birortasida xorijiy tillarda filmlar va ko‘rsatuvlarning tizimli translyatsiyasi mavjudmi? Raqamli televideniye ko‘rsatuvlarni bir vaqtning o‘zida bir nechta tilda va subtitrlar bilan efirga uzatish imkonini beradi. Balki yangi kanallarni ochish o‘rniga bor imkoniyatlardan samarali foydalanish kerakdir?

Mahalliy hokimlarga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan har bir tuman va shahar uchun xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish maqsadida 1 milliard so‘m ajratish topshirildi. Qarorda, shuningdek, ularga o‘z hududlarida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish maqsadida «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish va tatbiq qilish topshirildi.

Shu o‘rinda, Moliya vazirligining davlat byudjeti mablag‘larini o‘zlashtirish va mahalliy byudjetdagi moliyaviy huquqbuzarliklarning o‘sishi to‘g‘risidagi xabari, shuningdek, prezidentning «bizni hanuzgacha ta’qib qilayotgan korrupsiya» va loyihalarni amalga oshirishdagi ko‘zbo‘yamachiliklar to‘g‘risidagi so‘zlari beixtiyor yodga keladi. Xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish uchun ajratilgan mablag‘lar qanday sarflanadi, hokimlar «sifatni yaxshilash» deganda aynan nimani tushunadilar, mablag‘lardan maqsadli foydalanish ustidan nazorat qanday amalga oshiriladi — bularning barchasi haqida obdon o‘ylash lozim.

Qarordagi yana bir qiziq jihat. 2022 yildan boshlab davlat organlariga ishga qabul qilish va yuqori lavozimga tayinlash uchun xorijiy tilni bilish talab qilinadi. Davlat xizmatiga da’vogar chet tilini qay darajada bilishi kerak? Rus tilini bilish «chet tilini bilish» hisoblanadimi? Agar xodimning lavozim vazifalari bajarishi uchun xorijiy tillarni bilish kerak bo‘lmasa-chi? Biz xorijiy tilni o‘rganmagan, lekin o‘z ishining ustalari bo‘lgan mutaxassislarni yo‘qotib qo‘ymaymizmi?

Esingizda bo‘lsa, davlat idoralariga murojaatlar faqat davlat tilida bo‘lishi kerak, degan taklif bilan chiqqan partiya rahbari o‘z fikrini shunday izohlagan edi: O‘zbekistonda davlat idorasi xodimiga davlat tilidan boshqa tilni bilish talab qilinmaydi. Davlat idoralari xodimlariga qo‘yilayotgan yangi talab haqida mazkur partiya rahbari fikrini bilish ham qiziq bo‘lar edi.

O‘ylaymanki, bozor sharoitida eng yaxshi sifatni ta’minlash mexanizmi — bu «talab va taklif zanjiri». Ya’ni, shaxsiy, ta’limiy yoki kasbiy maqsadlarda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan tabiiy ehtiyoj va bu ehtiyojni qondirish uchun mos metodika, kitoblar, o‘quv muassasalari, test tizimlarini tanlash imkoniyati. Davlatning vazifasi esa — adolatli, ochiq, sog‘lom raqobat uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash va sifat talablariga rioya etilishini xolis nazorat qilishdir. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, davlat aralashuvi va ma’muriy choralar har doim ham sohani rivojlantirishga yordam bermaydi.

Muallifning fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.