Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev «Toshkent 5 tashabbus harakati» yoshlar festivali doirasida tashkil etilgan matbuot anjumanida tadbirni o‘tkazishdagi muammolar va ularni yoritilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Hurmatli OAV vakillari, xurmatli blogerlar. Bu bayramga juda katta tayyorgarlik ko‘rdik. Ayrim xodimlarimiz 24 soat uxlamasdan ishlashdi. Yoshlarimizga keng shunday to‘yona, katta to‘ydek qilib bayram o‘tkazish uchun. Iltimos qilaman agar qayerdadir kamchiliklarimiz bo‘lgan bo‘lsa, qayerdadir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsak, „Toshkent 21“ botimiz bor, o‘zimizga aytsangiz to‘g‘irlab qo‘yamiz muammolarni. Agar siz OAV hamda blogerlar yoshlarni bizlardek sevsangiz, sizlar saytingiz orqali aylantirishngiz shart emas xatolarimizni», — dedi poytaxt hokimi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev tadbirdagi xato va kamchiliklarni telefon, bot yoki matbuot xizmatiga aytishni so‘radi.

«To‘yimizni buzmanglar, to‘yimiz to‘ydek, bayram bayramdek bo‘lsin. Iltimos qilaman. Biz keyin yana bayram o‘tkazishimizga ishtiyoqimiz bo‘lsin. Shuncha qilib, bayramda tanqid deb keyin qo‘limizni yerga tushirishni xohlamaymiz», — deya ta’kidladi Toshkent shahar hokimi.