Ijtimoiy tarmoqlarda «Qibray tumanida 9 gektarlik tayyor pishgan qulupnay buzib vayron qilib tashlandi» nomli video tarqaldi. Unda qulupnay ekilgan dala buldozer bilan buzib tashlanayotganligini ko‘rish mumkin. Lavhada ichki ishlar organi xodimlari ishtirok etayotgani ham aks etgan.

Mazkur video yuzasidan Xalq demoratik partiyasi O‘rta Chirchiq tuman kengashi raisi, deputat Feruza Babasheva munosabat bildirdi.

«Nima uchun huquq-targ‘ibot organlari, Qibray tumani IIB boshlig‘i qulupnay pishguncha qayerda edi? Dexqonning shuncha mehnati, mablag‘i, sarf-xarajati nima bo‘ladi? O‘zi pandemiya davrida qancha aholi qiynaldi, moddiy va ma’naviy zarar ko‘rdi. Xo‘p qulupnay ekish uchun ruxsat yo‘q ekan, ekmasidan, xosil pishmasidan avval to‘xtatilsa bo‘lmasmidi? Dexqonga, ekinga, mehnatga, sarf-xarajatga achindim», — deb yozadi deputat.

Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIB matbuot kotibi Bobur Tulyaganov izoh berib, dalaning buzilishiga ichki ishlar xodimlari aloqador emasliklarini ta’kidlagan.

«Ushbu video yuzasidan ko‘pchilik ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan salbiy fikrlar qoldirishmoqda. Shuni qayd etish kerak, yerdagi hosilni terib olish, o‘rib tashlash yoki buzdirish ishlariga Ichki ishlar xodimlari aloqador emas. Jarayonda ishtirok etgan IIO xodimlari faqatgina kelib chiqqan janjalni to‘xtatish, jamoat tartibini saqlash kabi xizmat burchini bajarishmoqda», — dedi u.

Videolavha bo‘yicha o‘rganish ishlari tegishli mas’ullar tomonidan olib borilmoqda va natijalar bo‘yicha batafsil ma’lumot beriladi, deya ma’lum qildi Qibray tumani hokimligi matbuot xizmati.