20 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolar velosipedlarda M-39 xalqaro avtomobil yo‘lida mashinalar qatnovini to‘sib harakatlangani aks etgan video tarqaldi.

Lavhada fuqarolardan biri «Indorama» ning ishchi-dehqonlari ish tashlashyotganligini aytgan. Sardoba tuman hokimligi ham yo‘lni yopganlar «Indorama agro» klasteri ishchilari ekanini tasdiqlagan.

«Oylik bermagani uchun [yo‘lni to‘sdik], oylik kam beryapti. 1,5 mln so‘m qoplamayati hech narsani. O‘sha oylikni ham „ob’em“ qilmoqchi bo‘lyapti. Biz suvchilarmiz, suv quyamiz, shunga haq to‘laydi bular. Oylikni kamaytirmoqchi», — deydi velosipeddagi ishchilardan biri.

Shu sababli amaldorlar kelmayotganini va ularni chaqirish maqsadida xalqaro yo‘l to‘sib qo‘yilganligini aytgan.

Kun.uz manbasi mazkur holat M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Sirdaryo viloyati hududida ro‘y berganini ma’lum qilgan.

Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga «bu xorijiy kompaniya ekanligini, ichki ishlariga hokimlik umuman aralashmasliklari»ni ma’lum qildi.

Rahbarlar shunchaki fuqarolarni tinchlantirish uchun borayotgani va o‘rganish natijalari bo‘yicha bayonot berilishi aytildi.