Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Qibray tumanida 9 ga maydondagi qulupna dalasi buldozer yordamida buzib tashlangani aks etgan videoyozuv tafsilotlari ma’lum qilindi.

Tuman hokimligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, videolavhada ko‘rsatilgan yer maydoni «Chinkeldi» MFY Yangiobod qishlog‘i M.Bexbudiy ko‘chasida joylashgan «Saidvali hoji» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lib, jami 20,9 gektarlik maydonning 8 gektariga (videoda 9 gektar deyilgan) qulupnay ekilgan. Dehqonlarga o‘zaro og‘zaki (hujjatlar rasmiylashtirilmagan) kelishuvga asosan ikkilamchi ijaraga berilgan yer maydoni davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan.

«Gazeta.uz»ning tuman ma’muriyatidan aniqlik kiritishicha, ushbu yer uchastkasi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, «Istiqlol» majmuasi va boshqa ob’ektlar qurilishi uchun ajratilgan hudud tarkibiga kiradi. Yangi bog‘ qurilishi to‘g‘risidagi topshiriq berilganidan keyin dehqonlarga ogohlantiruvchi xat yuborilgan. Ular bilan kelishuvga erishilgan va bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

«Fermer xo‘jaligining yer maydonlari davlat ehtiyojlari uchun olinganligi munosabati bilan fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zarar belgilangan tartibda qoplab beriladi», — deyiladi tuman hokimligi xabarida.

Ayni vaqtda ekspertlar yetkazilgan zarar miqdorini hisoblamoqda. Dehqonlarga yig‘ib olinmagan hosil uchun bozor narxida tovon puli to‘lab berilishi kutilmoqda. Hokimlikning tasdiqlashicha, hosil hajmi unchalik katta emas, chunki birinchi hosil terib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq holat yuzasidan Toshkent viloyati IIB matbuot kotibi Bobur Tulyaganov izoh berib, dalaning buzilishiga ichki ishlar xodimlari aloqador emasliklarini ta’kidlagan.

«Ushbu video yuzasidan ko‘pchilik ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan salbiy fikrlar qoldirishmoqda. Shuni qayd etish kerak, yerdagi hosilni terib olish, o‘rib tashlash yoki buzdirish ishlariga Ichki ishlar xodimlari aloqador emas. Jarayonda ishtirok etgan IIO xodimlari faqatgina kelib chiqqan janjalni to‘xtatish, jamoat tartibini saqlash kabi xizmat burchini bajarishmoqda», — dedi u.