Superliga (9) va Pro liganing (4) futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushlari ularni keyinchalik sotish uchun davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (kompaniyalar) yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi. Bu qaror Vazirlar Mahkamasining 30 apreldagi “Futbol klublari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroridan kelib chiqib, qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent hokimligi poytaxt “Bunyodkor"ning egasi va bosh homiysi bo‘ladi. Avvalroq, Gazeta.uz shahar ma’muriyati “Paxtakor"ning bosh homiysi bo‘lishi haqida ham xabar bergan edi.


Superliganing “Navbahor” (Namangan) va “Surxon” (Surxondaryo) klublarida, shuningdek Pro-ligada o‘ynayotgan “Sho‘rtan” (Qashqadaryo), “Neftchi” (Farg‘ona) va “Dinamo” (Samarqand) klublarida davlat ulushlari viloyat hokimligi boshqaruviga o‘tkaziladi. Shuningdek, “Nasaf” (Qashqadaryo) — “Sho‘rtan Gaz Kimyo Kompleksi”, “AGMK” — OKMK, “Buxoro” — Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, “Lokomotiv” — “O‘zbekiston temir yo‘llari”, “Mettalurg” — “O‘zmetkombinat”, “Mash'al” — “O‘zbekneftgaz” futbol klublardagi davlat ulushlari xo‘jalik jamiyatlariga o‘tkazildi.

Bir oy ichida ro‘yxatga olingan tashkilot va kompaniyalar Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda stadionlardan samarali foydalanish va ularning rentabelligini oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqishi kerak.

Ushbu “Yo‘l xaritasida” esa quyidagilar nazarda tutiladi:

  • davlat va xususiy sheriklik shartlari asosida futbol stadionlarini rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va obodonlashtirish, shuningdek ularning yil davomida doimiy faoliyat yuritishini ta’minlash;
  • stadionlarda yil davomida o‘tkaziladigan sport tadbirlari (musobaqalar, sport to‘garaklari), konsert va boshqa ommaviy tadbirlar sonini ko‘paytirish;
  • stadion hududida umumiy ovqatlanish joylari (kafe, restoran), sport do‘konlari, ko‘ngilochar joylarni (kinoteatr) tashkil etish.

Ushbu o‘zgarishlar yuzasidan 12 may kuni Professional futbol ligasi bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev izoh berdi (keyinchalik bu xabar kanaldan o‘chirildi).

U Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan 13 ta jamoaning davlat ulushini hokimliklar va kompaniyalar vakolatiga qaytarishining sabablaridan biri sifatida OFKning norozoligini ko‘rsatgan. “OFK barcha klublar bir tashkilotga tegishli bo‘lishi mumkin emasligi bayon etilgan Litsenziyalash reglamenti bilan bunga qarshi chiqdi. Shundan kelib chiqib, VM professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatiga oshirish hisobiga berilishi va keyinchalik belgilangan tartibga sotilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Ya’ni, 2030 yilga qadar bu 13 klub baribir sotib ulgurilishi kerak”, — deya qo‘shimcha qiladi Imomxo‘jayev.