Ayollarni reabilitatsiya qilish respublika markazlari tashkil etildi

Prezident qarori bilan Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi tugatildi. Uning o‘rniga Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazlari tashkil etildi. Bundan tashqari, ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam berish uchun 24 soat uzluksiz ishlovchi «ishonch telefoni» raqami yo‘lga qo‘yiladi.

Markazlarga zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari hamda o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar joylashtiriladi.

1 iyundan boshlab:

  • himoya orderi nusxasini olgan, ya’ni tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslar profilaktik hisobga olinadi;
  • markazlarga murojaat qilgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlarining yo‘qotilgan biometrik pasportlarini (identifikatsiya ID-kartalarini) tiklab berish choralari ko‘riladi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori tayinlandi

Umid Abidxadjayev Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori etib tayinlandi. U bunga qadar prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari bo‘lgan.

Yangi park qurilishi sababli qulupnay dalasi buzilgan dehqonlarga tovon puli beriladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qibraydagi qulupnay dalalaridan biri buldozer bilan buzib tashlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Lavhada voqea joyida ichki ishlar xodimlari ham bo‘lganligini ko‘rish mumkin.

Xalq kengashi deputati Feruza Babasheva «qulupnayni ekishdan oldin to‘xtatilsa bo‘lmasmidi?», — deb yozdi. Viloyat IIB yerdagi hosilni terib olish yoki buzdirish ishlariga ichki ishlar xodimlari aloqador emasligini ta’kidladi.

«Gazeta.uz»ning tuman ma’muriyatidan aniqlik kiritishicha, ushbu yer uchastkasi «Yangi O‘zbekiston» bog‘i, «Istiqlol» majmuasi va boshqa ob’ektlar qurilishi uchun ajratilgan hudud tarkibiga kiradi. Yangi bog‘ qurilishi to‘g‘risidagi topshiriq berilganidan keyin dehqonlarga ogohlantiruvchi xat yuborilgan. Ular bilan kelishuvga erishilgan va bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Yer egasi va ijarachilariga tovon pulini to‘lashga va’da berildi.

Musulmonlar idorasi Quddus bo‘yicha noto‘g‘ri harakatlarga da’vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi musulmonlar uchun tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishda ekanligini ma’lum qildi. Idora «noo‘rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga da’vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga» chaqirdi

OTMlarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limlari ochiladi

OTMlarda Korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens-nazorat» tizimini boshqarish bo‘limi kiritiladi. Mazkur bo‘lim bo‘lim boshlig‘i va bosh mutaxassis bilan taqdim etilgan. Bo‘lim boshlig‘i lavozimi talabalar soni 1500 kishigacha bo‘lgan OTMda nazarda tutilmagan.

«Paxtakor»dan tashqari yana 12 ta futbol klubining ulushlari hokimliklar va davlat kompaniyalariga o‘tkazildi

Superliga (9) va Pro liganing (4) futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushlari ularni keyinchalik sotish uchun davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (kompaniyalar) yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi.

Hujjatga ko‘ra, Toshkent hokimligi poytaxt «Bunyodkor»ning egasi va bosh homiysi bo‘ladi. Avvalroq, Gazeta.uz shahar ma’muriyati «Paxtakor»ning bosh homiysi bo‘lishi haqida ham xabar bergan edi.

Superliganing «Navbahor» (Namangan) va «Surxon» (Surxondaryo) klublarida, shuningdek Pro-ligada o‘ynayotgan «Sho‘rtan» (Qashqadaryo), «Neftchi» (Farg‘ona) va «Dinamo» (Samarqand) klublarida davlat ulushlari viloyat hokimligi boshqaruviga o‘tkaziladi. Shuningdek, «Nasaf» (Qashqadaryo) — «Sho‘rtan Gaz Kimyo Kompleksi», «AGMK» — OKMK, «Buxoro» — Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, «Lokomotiv» — «O‘zbekiston temir yo‘llari», «Mettalurg» — «O‘zmetkombinat», «Mash’al» — «O‘zbekneftgaz» futbol klublardagi davlat ulushlari xo‘jalik jamiyatlariga o‘tkazildi.

O‘zbekiston 103 mln dollarlik mahsulotlarni ofshor hududlarga pul o‘tkazish orqali import qilgan

To‘rt oy ichida offshor hududlarga pul o‘tkazish orqali O‘zbekiston korxonalari 103 mln dollarlik mahsulotni import qildilar. Kompaniyalar Gonkong, Kipr, Marshall va Bagama orollariga to‘lovlarni amalga oshirib, dori-darmonlarni, maxsus jihozlarni, uskunalarni, neft mahsulotlari va boshqa tovarlarni olib kirishgan.

Ofshor hududlarga pul o‘tkazish orqali amalga oshirilgan import hajmlarining asosiy ulushi Toshkent shahri ($33 mln), Farg‘ona ($23 mln), Namangan ($6 mln) va Surxondaryo ($4 mln) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Sirdaryoda ish haqqidan norozi klaster ishchilari velosipedlarda avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi

Sirdaryoda «Indorama» klasterining ishchilari velosipedlarda avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Fuqarolar oylikdan norozi ekanliklari sababli ish tashlayotganliklarini ma’lum qilishgan. Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati hokimligi «mazkur holat kompaniyaning ichki ishlari ekanliklari va hokimlikka hech qanday aloqasi yo‘q ekanligini»ni ta’kidladi.