O‘zbekistonda davlat organlari tomonidan 18 turdagi ma’lumotnomalarni talab qilishning bekor qilinishi har yili qariyb 15 mln dollar mablag‘ni iqtisod qilish imkonini berib, 12 mln nafar (aholining 35%) fuqarolarning hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda adliya vaziri Ruslanbek Davletov 19 may kuni Peterburg xalqaro yuridik forumidagi nutqida ma’lum qildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, mart oyida prezident byurokratik to‘siqlarni kamaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. O‘shanda 18 turdagi hujjat va ma’lumotlarni talab qilish bekor qilindi. 2020 yildan boshlab davlat idoralari fuqarolardan qariyb 30 turdagi guvohnomalarni, shu jumladan yashash joyi, ish joyi yo‘qligi to‘g‘risidagi guvohnomani va boshqalarni so‘rashni to‘xtatdilar.

Vazir yil oxiriga qadar davlat xizmatlari sonini 200 taga yetkazish, barcha davlat xizmatlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularni taqdim etish muddatlarini qisqartirish, tariflarini pasaytirish va shartlarini soddalashtirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

«Zamonaviy texnologiyalar yaqin istiqbolda mutlaq ko‘pchilik davlat xizmatlarini kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun rejimida, ya’ni doimiy asosda masofadan ko‘rsatish uchun bemisl imkoniyatlarni taqdim etmoqda», — deya qayd etdi Ruslan Davletov.

Vazir, shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan boshqariladigan License tizimi tufayli litsenziya berish va xabardor qilish tartib-taomillari elektron shaklga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Litsenziyalar va ruxsatnomalarning maxsus blankalarda rasmiylashtirilishidan voz kechilishi va elektron hujjatlar berishga to‘liq o‘tilishi natijasida 1,5 mln dollardan ziyod mablag‘, shuningdek 3,5 mln varaq qog‘oz iqtisod qilindi. Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan yili 100 tonna qog‘oz iqtisod qilindi.

«Bundan tashqari, raqamli yechimlarni joriy etish hisobiga Adliya vazirligi tomonidan o‘tgan yili 100 tonna qog‘oz iqtisod qilindi», — dedi vazir.

Ma’lum qilinishicha, «Virtual adliya» tizimini yaratish ustida olib borilayotgan ishlar davom ettiriladi. Bugungi kunda Adliya vazirligi qariyb 50 ta yirik axborot tizimlari faoliyat yuritishini ta’minlamoqda.