Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 oktyabrgacha hududlarga Volkswagen Caddy rusumli 1000 ta tez yordam mashinasini yetkazib berish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari 19-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Mazkur topshiriq ijrosi bosh vazir Abdulla Aripov, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov va «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov tomonidan amalga oshiriladi.

Prezident tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda hududlarda 850 ta xizmat muddatini o‘tagan Damas (8 yildan oshgan) tez tibbiy yordam mashinalari mavjud, shuningdek, aholi sonidan kelib chiqib yana 170 ta yangi tez tibbiy yordam mashinalariga ehtiyoj bor.

2020 yil dekabr oyida Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Amrillo Inoyatov sog‘liqni saqlash tizimi xizmatlari uchun Damas rusumli avtomobillarni sotib olish to‘xtatilganini e’lon qilgan edi.