O‘zbekiston va Jahon banki yangi besh yillik hamkorlik dasturini tayyorlaydi va qabul qiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berde boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasining uchrashuvida bu haqda kelishuvga erishildi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

O‘zbekiston va Jahon Banki o‘rtasidagi avvalgi hamkorlik strategiyasi 2016 yildan 2020 yilgacha amal qilgan.

Jahon banki delegatsiyasi ham prezident tomonidan taklif qilingan yangi hamkorlik kun tartibini qo‘llab-quvvatladilar. U quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

  • mamlakatda kambag‘allikni, eng avvalo qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surish orqali qisqartirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash;
  • sezilarli natijalarga erishish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan oshirish maqsadida oliy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi yangilanishlar samaradorligini oshirish;
  • respublika hududlarini jadal industriallashtirish dasturini amalga oshirish va o‘rta shaharlarni rivojlantirish loyihasini davom ettirish;
  • taraqqiyotning innovatsion modeliga o‘tish, «yashil iqtisodiyot»ni joriy qilish;
  • yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni davom ettirish;
  • korrupsiyaga qarshi kurashish va davlatning rivojlanish institutlari salohiyatini oshirish;
  • yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalarini birgalikda ilgari surish.

Jahon bankining O‘zbekistondagi loyihalarining umumiy portfeli 7 milliard dollarni tashkil etadi. Hozirgi dastur ta’lim, sog‘liqni saqlash, energetika, suv ta’minoti, qishloq xo‘jaligi, transport kabi ustuvor sohalar va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarni qamrab olgan umumiy qiymati 4,1 milliard dollarlik 23 ta loyihani o‘z ichiga olgan.