18 may kuni Belarusning TUT.BY mustaqil axborot portali rahbarlariga qarshi katta miqdordagi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda nashr tahririyati.

Belarus Davlat nazorat qo‘mitasi (KGK) tahririyatining yuridik shaxsi ikki yil oldin Yuqori texnologiyalar parki (PVT) rezidenti bo‘lganligi va «rezidentlar uchun ruxsat berilgan faoliyat bilan bog‘liq bo‘lmagan daromad olgan» deya ma’lum qilgan. «Davlatning qo‘llab-quvvatlashidan asossiz foydalanish» natijasida davlatga «juda katta miqdordagi zarar» yetkazildi. Rezident maqomi bekor qilindi.

Biroq TUT.BY tahririyatining ta’kidlashicha, kompaniya «Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish to‘g‘risida"gi farmon talablariga javob beradi. Xususan, kompaniya nafaqat portalning ishlashini ta’minlaydigan mahsulotlar, balki internetda reklama xizmatlarini ko‘rsatish, ularni boshqarish, statistik ma’lumotlarni to‘plash, portalda reklama joylarini bron qilish va boshqalar uchun dasturiy ta’minotni ham yaratgan.

TUT.BY sayti bloklandi, hatto VPN ishlatilganda ham unga kirib bo‘lmaydi. Belarus Axborot vazirligi saytga kirishni cheklab qo‘ydi, chunki «Bosh prokuratura tomonidan taqiqlangan ma’lumotlarni joylashtirish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun buzilishining ko‘plab faktlari aniqlandi». Nazorat qiluvchi organ tomonidan Belarusning OAV to‘g‘risidagi qonunining 38-moddasiga binoan internet-resurslarda davlat ro‘yxatidan o‘tmagan tashkilotlar nomidan ma’lumot tarqatish taqiqlanganligini tushuntirildi. Gap xususan, Belarusda ro‘yxatdan o‘tmagan BYSOL jamg‘armasi haqida ketmoqda. Jamg‘arma «Belarusda repressiya qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash uchun» mablag‘ yig‘adi.

18 may kuni ertalab Belarus Davlat nazorati qo‘mitasining Moliyaviy tergov boshqarmasi xodimlari nashriyotning markaziy ofisiga tintuv o‘tkazish uchun kelishgan. Tintuv shuningdek, xodimlarning uylarida, jumladan, bosh muharrir Marina Zolotovanikida ham o‘tkazilgan. 18 mayda kun davomida 13 nafar xodim hibsga olingan. Ularning ba’zilari ozod qilingan.

Nashr jinoiy ishni tahririyat siyosatiga bosim o‘tkazishga urinish sifatida qabul qilishlarini ma’lum qildi.

Prezidentlikka sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya videomurojaatida sodir bo‘layotgan voqealarni OAVni «qasddan o‘ldirish» deb atadi va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan nashrning «tor-mor qilinishini» muhokama qilayotganini aytdi.

Yevropa Ittifoqining Belarusdagi vakolatxonasi mamlakatda ommaviy axborot vositalarining erkinligini ta’minlashga chaqirdi. AQSHning Minskdagi elchixonasi ham xuddi shunday bayonot bilan chiqdi.

Hozir TUT.BY xodimlari hibsga olingan va yo‘qolganlarning hammasini topishga, shuningdek, hamkasblariga huquqiy yordam ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Domen bloklanganidan keyin portal o‘z ishini ijtimoiy tarmoqlarda davom ettirmoqda.

TUT.BY — Belarusning eng yirik va mustaqil nashrlaridan biri. Tahririyat o‘tgan yilning yozida mamlakat prezidenti Aleksandr Lukashenkoning saylanishiga qarshi norozilik namoyishlarini faol ravishda yoritib borgan. Sentyabr oyida Axborot vazirligini uning nashrlarida davlat manfaatlariga zarar yetkazuvchi «asossiz ma’lumotlar» ko‘rgani uchun vaqtinchalik akkreditatsiyadan mahrum qilgan edi.