O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 may kuni “Российские железные дороги” kompaniyasi (“RJD” OAJ) bosh direktori — boshqaruvi raisi Oleg Belozyorovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Uchrashuvda amaliy sheriklikni kengaytirish, jumladan, O‘zbekistonda temir yo‘llar tizimini takomillashtirish bo‘yicha hamkorlik qilish, yuk tashishlar hajmini ko‘paytirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish, yo‘lovchi poyezdlarining qatnovini qayta tiklash va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro moliyaviy institutlarni jalb qilgan holda “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini birgalikda ilgari surish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Loyihani har tomonlama tayyorlash, shu jumladan texnik hujjatlarni ishlab chiqish va qurilishni tez fursatda boshlashga qaratilgan ishlarda ishtirok etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

“RJD” rahbari Oleg Belozyorov tarmoq kompaniyalari temir yo‘llar sohasidagi sheriklikning ustuvor vazifalarni amalga oshirishda keng ko‘lamda hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston fevral oyida uzunligi 600 km ga yaqin bo‘lgan Transafg‘on temir yo‘li (“Mozori-Sharif-Kobul-Peshavar”) qurilishi bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini imzolagan edi. Mazkur loyiha besh yilgacha muddatda amalga oshiriladi. Uning uchun 4,8 mlrd dollar miqdorida kredit mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilgan. Avvalroq Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihaga Rossiya va qo‘shni davlatlar ham qiziqish bildirayotganini ma’lum qilgan edi. Shuningdek, Jahon banki rahbariyati ham prezident bilan uchrashuvda loyihani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

RJD matbuot xizmati Toshkentda Oleg Belozyorov hamda O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Rossiya hududida temir yo‘l infratuzilmalari ob’ektlari qurilishi uchun O‘zbekistonning mehnat resurslarini jalb qilishda hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzolaganini xabar qildi.