Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasida ta’lim, fan, kadrlarni tayyorlash va qayta o‘qitish sohasida jiddiy o‘zgarishlar zarurligini ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Davlat rahbari sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyevga tegishli topshiriqlar berib, tibbiyot sohasidagi ta’lim uslublari bundan 30−40 yillar avval tasdiqlangani va darsliklarning aksariyati xalqaro standartlarga javob bermasligini ta’kidladi.

Shuningdek, 11 ta tibbiyot oliygohi va 17 ta ixtisoslashgan markazda jami 7 mingdan ziyod xodim ishlasa-da, ulardan bor-yo‘g‘i 336 nafari ilmiy ish qilmoqda (doktorlik dissertatsiyasi atigi 29 ta). Oqibatda, ulardagi ilmiy salohiyat 34 foizni tashkil etib, ayrim oliygohlarda bu ko‘rsatkich kamayib bormoqda.

«Shu bois, Xadjibayev 11 ta tibbiyot oliygohni transformatsiya qilishi zarur. Bu ishlarni Toshkent tibbiyot akademiyasida boshlash, unga Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlardan professor-o‘qituvchilarni jalb qilish kerak. Shuningdek, Akademiyada, ilg‘or xorijiy tajriba asosida, tibbiyot sohasida boshqaruvchilar hamda yuqori texnologik uskunalar bilan ishlaydigan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi yo‘nalishlarni tashkil etsin», — dedi prezident.

Shuningdek, joriy yilda ordinatura va magistraturada o‘qiyotgan 30 nafar iqtidorli yoshlarni nufuzli xorijiy tibbiyot markazlariga malaka oshirishga yuborish topshirildi. Ushbu maqsadlar uchun yangi tashkil etilgan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasidan mablag‘ ajratilishi belgilandi.

«Umuman, sog‘liqni saqlash tizimiga har yili bir necha trillionlab mablag‘ ajratiladi, xalqaro kreditlar jalb qilinadi. Ushbu ajratilayotgan mablag‘lar samarasini, ham aholi, ham davlat sezadigan tizim yaratishimiz kerak. Buning uchun, hududlar va kasalliklar kesimida sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini belgilash hamda, tajriba tariqasida, ularni baholash tizimini, eng avvalo, onkologiya va gematologiya yo‘nalishlaridan joriy etishni boshlash lozim», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Xojiboyev, moliya vaziri Timur Ishmetov, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirovga bir oy muddatda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.