Germaniya oila ishlari bo‘yicha vaziri ko‘chirmakashlikda ayblangani sababli iste’foga chiqdi

Germaniya oila ishlari bo‘yicha vaziri Fransiska Giffey dissertatsiya yozish paytida plagiatda ayblangani sababli iste’foga chiqishga qaror qildi. Giffey 19 may kuni kansler Angela Merkeldan o‘z lavozimidan ozod qilishni so‘ragan. Noyabr oyida vazir «oilasiga, siyosiy ishiga va partiyasiga zarar yetkazmaslik uchun» doktorlik unvonidan voz kechgan edi. Shuningdek, u o‘zining nomzodini Germaniya Sotsial-Demokratik partiyasi (GSDP) raisi lavozimiga ilgari surmagan.

Siyosatchining dissertatsiyasi atrofidagi munozaralar ko‘p oylardan beri davom etib kelmoqda. VroniPlag Wiki portalida yozilishicha, ishda tegishli mualliflarga havolalar berilmagan ko‘p sonli og‘zaki va mazmuniy o‘zlashtirmalar mavjud. Kamida 68 holatda Giffey manbalarni keltirmagan yoki noto‘g‘ri havolalar ko‘rsatgan. 2019 yil oktyabr oyida Berlin Erkin universitetining ilmiy kengashi ishdagi kamchiliklarga qaramay, unda plagiat yo‘q va Giffeyni ilmiy darajasidan mahrum qilmaslik kerak degan xulosaga keldi. Keyinchalik universitet ilmiy kengashi dissertatsiyani ikkinchi marta tekshirishga qaror qildi.

Fransiska Giffey 2018 yil martidan beri oila ishlari bo‘yicha vaziri bo‘lib ishlagan. 2020 yil noyabr oyidan boshlab u GSDPning Berlindagi bo‘limi rahbari bo‘lib, poytaxtning boshqaruvchi burgomisteri lavozimiga nomzodlik qilmoqda. — TASS.


Yevropa Ittifoqi hamjamiyat mamlakatlarining «yashil iqtisodiyot»ga o‘tishi uchun 21 mlrd dollar ajratadi

Yevropa Parlamenti 18 may kuni hamjamiyat davlatlarini qazilma yoqilg‘idan voz kechishda qo‘llab-quvvatlash uchun qiymati 17,5 mlrd yevroni (21,4 mlrd dollar) tashkil etadigan «Just Transition Fund» tashkil etishni ma’qulladi. Ta’kidlanishicha, 615 deputat fondni tashkil etishni qo‘llab-quvvatladi, 35 kishi qarshi ovoz berdi, 46 kishi betaraf qoldi. Jamg‘arma mablag‘lari Yevropa Ittifoqi aholisiga ish topishda, xodimlarning malakasini oshirishda va ularni qayta tayyorlashda, shuningdek, «Yevropa iqtisodiyotining iqlim neytralligiga o‘tishiga ko‘maklashish uchun» yordam berishga sarflanadi. Iqlim neytralli karbonat angidrid (SO2) chiqindilari hajmi okeanlar va o‘rmonlar singdiradigan hajmdan oshmasligini anglatadi. Jamg‘arma mikrokorxonalar, universitetlar va ilmiy markazlarga yordam beradi va energetika sohasidagi yangi ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Yevropa Ittifoqi 2050 yilgacha SO2 chiqindilarisiz iqtisodiyotga o‘tishni rejalashtirmoqda. — Yevropa Parlamentining veb-sahifasi.

Avvalroq Yevropa mamlakatlarining mintaqada 2030 yilga qadar velosipedchilar sonini oshirishni ko‘zda tutgan rejani imzolagani haqida xabar bergan edik. Hukumatlar piyoda sayr qiluvchilar sonini oshirishni ham maqsad qilgan. Ushbu choralar yo‘llardagi tirbandliklardan xalos bo‘lish, shahar muhitidan samarali foydalanishga imkon beradi, deb hisoblamoqda ekspertlar.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi hamjamiyatda tasdiqlangan vaksinalar bilan emlangan sayyohlar uchun mintaqaga kirishga ruxsat beradi.


Livan tashqi ishlar vaziri v.b. Saudiya Arabistoniga nisbatan aytgan so‘zlari uchun iste’foga chiqdi

Livan tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sharbel Vahbi 19 may kuni Saudiya Arabistoniga nisbatan aytgan so‘zlaridan so‘ng iste’foga chiqdi. Vahbi prezident saroyida davlat rahbari Mishel Aun bilan uchrashib, unga iste’foga chiqish haqidagi arizani topshirdi. 18 may kuni Saudiya Arabistoni TIV Ar-Riyoddagi Livan elchisiga «Alhurra» telekanalida namoyish etilgan Vahbining «haqoratli» so‘zlariga norozilik bildirgan notani topshirdi. Notada ta’kidlanishicha, bunday bayonotlar «elementar diplomatik me’yorlarga va ikki qardosh xalq o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarga mos kelmaydi».

17 may kuni Vahbi telekanalga bergan intervyusida Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi ba’zi davlatlar «Islomiy davlat» terrorchilik guruhini qo‘llab-quvvatlayotgani va «terrorchilarni Iroqning Naynava va Anbar, Suriyaning Palmira va Livan viloyatlariga olib kelgani» haqida ishora qilgan. Keyinchalik vazir Saudiya Arabistonini «yaxshilik va murosa qirolligi» deb atab, rasmiy ravishda uzr so‘radi. — TASS.

Vahbi Livan tashqi ishlar vaziri lavozimiga 2020 yil 3 avgustda, o‘zidan oldingi Nasif Xitti iste’foga chiqqandan bir kun o‘tib tayinlangan. O‘sha yilning 10 avgustida bosh vazir Hasan Diyab boshchiligidagi vazirlar mahkamasi Beyrut dengiz portidagi portlash oqibatida yuz bergan fojiadan so‘ng iste’foga chiqqan edi.

Misr va Quvayt vazirning Fors ko‘rfazi mamlakatlari to‘g‘risidagi so‘zlari uchun Livandan izoh talab qilishmoqda.


Qozog‘istonda COVID-19ga qarshi emlangan to‘rt kishi vafot etdi

Qozog‘istonda COVID-19ga qarshi emlanishdan so‘ng to‘rtta o‘lim qayd etildi. Bu haqda Interfaks respublika sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ajar Giniyatning so‘zlariga tayanib xabar bermoqda. Har uch holatda emlanganlarda yurak bilan bog‘liq muammolar aniqlandi. To‘rtinchi holat hozirda o‘rganilmoqda. Vafot etganlarning qaysi vaksina bilan emlangani aytilmadi.

Qozog‘istonda aholini emlash kampaniyasi 1 fevralda boshlangan. Avval aholini Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi bilan emlashgan, keyinchalik, Qarag‘andada ishlab chiqarilgan «Sputnik V» vaksinasi ham ishlatila boshlandi. 26 apreldan buyon aholi, shuningdek, Qozog‘istonning QazVac vaksinasini bilan emlanmoqda. — Interfaks.

6 aprel kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Qarag‘anda farmatsevtika zavodida ishlab chiqarilgan «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan edi.


AQSHga oid bir necha xabarlar

Foto: Denis Akishev / TASS

AQSHning Nyu-York shahrida Falastinni qo‘llab-quvvatlash uchun miting bo‘lib o‘tdi. Namoyishlarda bir necha yuz kishi qatnashgan. Shuningdek, yuzlab odamlar Isroilning Vashingtondagi elchixonasida to‘planib, jangovar harakatlarni to‘xtatishni talab qilishdi.

AQSH Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi harbiy xizmatchilarning sahifalarini ekstremizmga moyilligi bo‘yicha tekshiradi.

Nyu-Yorkda AQSH sobiq prezidenti Donald Trampning «Trump Organization» kompaniyasiga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov 2019 yilda boshlangan bo‘lib, haligacha jinoiy ish qo‘zg‘atilmagan edi. Prokuratura Trampning shtat qonunlarining ehtimoliy buzilishlarini fosh etish bo‘yicha moliyaviy ishlarini tergov qilmoqda.

AQSH Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi dunyo rahbarlarini Pekinda bo‘lib o‘tadigan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlaridan bosh tortishga chaqirdi. Uningcha Xitoyda inson huquqlari buzilishi kuzatilmoqda.


Shuningdek:

  • Ishlab chiquvchilar uchun o‘tkaziladigan Google I/O konferensiyasida yangi Android 12 operatsion tizimi taqdim etildi.
  • 2020 yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng mamlakatda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarini yoritgan Belarusdagi eng yirik nashrlaridan biri TUT.BY sayti bloklandi. Rahbariyatga nisbatan katta miqdordagi soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, jurnalistlar va boshqa xodimlar hibsga olindi.