17 may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashi prokuror taklifiga binoan shahar hududidan noqonuniy ravishda yer uchastkalarini ajratib berishga qarshi chiqib kelgan deputat Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi. «Gazeta.uz» voqea qanday rivojlanganini o‘rgandi.

«Ovozni o‘chirishga urinish» yoki jinoiy ish

6 may kuni Andijon prokurori 2019 yilda O‘zLiDeP partiyasidan kengash deputati etib saylangan Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risida mahalliy kengashga taqdimnoma kiritdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga aniqlik kiritishicha, Andijon shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limining hujjatlarida «A. R. C.» MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) hamda 229-modda (o‘zboshimchalik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish mavjud.

«Gazeta.uz»ning aniqlashiga ko‘ra, gap Alliance Road Construction qurilish kompaniyasi haqida ketmoqda. KTYADR (Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri) ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2008 yil sentyabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan va turar-joy binolarini qurish bilan shug‘ullanadi. Yagona asoschisi Shuhratbek Karimov, rahbari Otabek Avlashev ekanligi ko‘rsatilgan.

Deputatning hamkasbi Jahongir Jiyanov Shuhratbek Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilishga urinish uning faoliyati bilan bog‘liq degan fikrni bildirdi — u muntazam ravishda noqonuniy yer egaligiga, shahar hokimi Baxromjon Haydarovning qarorlariga qarshi chiqqan va Bosh prokuraturadan Andijon prokurorini attestatsiyadan o‘tkazishni so‘ragan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Shuhratbek Karimov 19-sonli maktabning sport maydonchasi o‘rnida ko‘p qavatli turar-joy binosi qurilishining bekor qilinishiga erishgan. O‘shanda u hokim Baxromjon Haydarovga so‘rov yuborib, bu yerda prezident qarori (PQ-3931) buzilganini ko‘rsatgan. Maktab ma’muriyati va ota-onalar maktab uchun qo‘shimcha bino qurishni iltimos qilgan, chunki 570 kishiga mo‘ljallangan binoda 1300 bola o‘qiydi.

Bundan tashqari, Jahongir Jiyanovning ta’kidlashicha, Shuhratbek Karimov may oyi boshida kengash sessiyasida so‘zga chiqqanida hokimning Elevada Ut Group tomonidan besh qavatli bino qurilishini nazarda tutgan 2021 yil 10 apreldagi qarorini noqonuniy deb aytgan. U tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligidan tashqari bepul yer uchastkalarini ajratishni faqat E-IJRO AUKSION elektron onlayn-auksion orqali belgilaydigan prezident qarori talablari buzilganligini aytgan.

Jahongir Jiyanov rasmiylarga deputatning ushbu chiqishlari unchalik yoqmasligini tahmin qilgan. Unga ko‘ra, bundan keyin deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risida taklif kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Eybyu fikricha, shu yo‘l bilan ular bitta deputatning «ovozini o‘chirishmoqchi» va hamkasblariga «signal berishga» harakat qilishmoqda.

Bundan tashqari, Shuhratbek Karimov jurnalist Xurshid Daliyevning Andijondagi noqonuniy yer ajratilishi va noqonuniy qurilish ishlari to‘g‘risida ketma-ket xabarlari yuzasidan Bosh prokuraturaga so‘rov yuborgan. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, qonun buzilganligi shahar adliya boshqarmasi tomonidan ham tasdiqlangan. U ushbu masalalarda sustligi sababli viloyat prokurorlarining malakasini shubha ostiga qo‘ygan va Andijon prokuraturasini ommaviy attestatsiyadan o‘tkazishni so‘radi.

Shuningdek, deputat Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevdan ishchi guruh tuzishni va hokimning 2019 yil 1 oktyabrdan 2021 yil 15 fevralgacha yer ajratish to‘g‘risidagi barcha qarorlarini o‘rganishni iltimos qilgan.

Prokuror taqdimnomasi

17 may kuni Andijon shahar kengashining sessiyasida yagona masala — Shuhratbek Karimovni deputatlik daxlsizligidan mahrum etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Jahongir Jiyanov kengash reglamenti buzilganini ta’kidladi. Senat Kengashining 2010 yil 30 dekabrdagi (154-sonli) qarorining 11-moddasiga binoan sessiya muhokamasiga kiritilgan masalalar tegishli doimiy komissiyalar tomonidan oldindan ko‘rib chiqiladi va ular tomonidan tayyorlangan qarorlar loyihalari va kun tartibidagi boshqa hujjatlar hokimga — xalq deputatlari kengashi rahbariga o‘tkaziladi.

Deputatning ta’kidlashiga ko‘ra, doimiy komissiya ushbu masalani ko‘rib chiqish uchun yig‘ilmagan.

O‘zLiDeP partiyasining viloyat kengashi prokuratura tomonidan deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risida taklif kiritganidan xavotirda ekanligini bildirdi.

«Biz Kengash [Andijon] mazkur masalani sinchiklab, har tomonlama o‘rganib chiqishi hamda mutlaqo xolis va adolatli yo‘sinda hal qilishi, o‘z pozitsiyasida sobit bo‘lishiga ishonamiz. Zero, xalq ishonch bildirgan vakillar buning uchun yetarli bilim va fazilatlarga ega», — deyiladi xabarda.

Deputatlar tintuvi


Foto: Soyadagi siyosatchilar / Telegram.

17 may kuni bo‘lib o‘tgan shahar kengashining sessiyasi, unda deputatlar Shuhratbek Karimovdan daxlsizlik huquqidan mahrum qilishni ma’qullashdi, Jahongir Jiyanovning so‘zlari bilan aytganda, huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari ishtirok etgani bilan mamlakat tarixiga kirdilar. Shuningdek, u Milliy gvardiya xodimlari deputatlarni tintuv qilgani va ularning telefonlarini olib qo‘yganini aytdi.

Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tintuv o‘tkazilgan vaziyatga munosabat bildirdi.

«Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimiz kun tartibidagi asosiy masalalaridan biri bo‘lib turgan, bu „illatga“ qarshi kurashishga barcha davlat organlari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilayotgan bir paytda bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi idora tomonidan korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilish o‘rniga, unga nisbatan turli ta’sir choralari qo‘llanilayotganini oqlab bo‘lmaydi», — dedi agentlik.

Milliy gvardiya ushbu vaziyatga izoh berib, sessiya 2-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi binosida bo‘lib o‘tganligini ma’lum qildi. Mazkur binoga Andijon shahar IIB boshlig‘ining so‘rovnomasiga asosan shahar Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari jamoat tartibini saqlash uchun o‘rnatilgan tartibda xizmatga jalb qilingan.

Shu sababli Andijon shahar hokimining topshirig‘iga asosan sessiya ishi boshlangunga qadar Andijon shahar IIB, shahar prokuraturasi va hokimligidan ajratilgan mas’ul xodimlar kuzatuvi ostida qo‘riqlash xodimi tomonidan tashrif buyurgan sessiya qatnashuvchilari metallodetektor yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgan va uyali aloqa hamda ovozli videoga oluvchi vositalarini qoldirib kirishlari talab etilgan.

Oliy Majlis Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatiga ko‘maklashuvchi komissiyasi ham yuqoridagi voqealarni o‘rganishni boshlaganini bildirdi.

Shuningdek, Bosh prokuratura deputatlarni tintuv qilish bilan sodir bo‘lgan voqeani o‘rganmoqda, deya xabar berdi"Gazeta.uz»ga mazkur idora matbuot xizmati.