18 may kuni Yevropa mamlakatlari toza, xavfsiz va sog‘lom transport to‘g‘risidagi Vena deklaratsiyasini va tarixda birinchi marta velosportni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa Bosh rejasini qabul qildilar, deya xabar qildi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Yevropa byurosi.

Bosh reja quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

  • 2030 yilga qadar mintaqada velosiped tarqalishini ikki baravarga oshirish;
  • har bir mamlakatda velosipedda yurish va piyoda yurishni sezilarli ko‘paytirish;
  • velosipedda yurish va yurish uchun maydonlarni qayta taqsimlab chiqish;
  • har bir mamlakatda faol harakat turlari uchun infratuzilmalarni takomillashtirish;
  • velosipedchilar va piyodalar xavfsizligini oshirish;
  • velosport bo‘yicha milliy siyosat, strategiya va rejalarni ishlab chiqish;
  • sog‘liqni saqlash siyosati, infratuzilmani rejalashtirish va yerdan foydalanish rejalariga velotransport masalalarini kiritish.

BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) va JSST ekspertlari velosipedlarda harakatlanish bo‘yicha reja 400 mingta yangi ish o‘rnini ochishga imkon berishini ta’kidlashmoqda. Bugungi kunda Yevropa mintaqasida velosiped bilan bog‘liq ishlarda 750 ming kishi mehnat qilmoqda, deya aniqlik kiritdi BMT Yangiliklar xizmati.

Rejada ko‘rsatilgan chora-tadbirlar, shuningdek, zararli gazlar chiqindilarini sakkiz million tonnaga kamaytirishga, transport tirbandligidan xalos bo‘lishga va shahar maydonidan yanada samarali foydalanishga yordam beradi. Velosipedni qo‘yish mashinani qo‘yishdan sakkiz baravar kam joy talab qiladi. EIK hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat tirbandlik sonini kamaytirishdan olinadigan iqtisodiy foyda taxminan 4,9 milliard dollarni tashkil etadi.

Vena deklaratsiyasi, o‘z navbatida, zararli tashlamalarni ol darajagacha tushirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qiladigan mobillikni ta’minlash hamda yaqin o‘n yillik davomida xavfsiz va samarali transport tizimlarini tashkil etish bo‘yicha umumevropa strategiyasini ishlab chiqishga chaqiriqni ham o‘z ichiga oladi. Deklaratsiya tavsiyalarida mintaqada ekologik toza va sog‘lom harakatchanlik va transportga investitsiya kiritish zarurligi ham ko‘zda tutilgan.

«Mintaqada yuqumli bo‘lmagan, jumladan, saraton, diabet, yurak qon-tomir va respirator kasalliklar umumiy o‘limlarning dahshatli 70 foiziga sabab bo‘lmoqda, transport va shahar siyosati aholi salomatligi holatiga ta’sir ko‘rsatmoqda va bu aksariyat hollarda ijobiy tarzda emas», — deya ta’kidladi JSST Yevropa byurosi direktori Xans Klyuge.

«Deklaratsiyada atrof-muhit va inson salomatligi o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik mavjudligini tan oladi hamda noinfeksion kasalliklar profilaktikasi maqsadida faol harakatlanish turlarini ommalashtirish, har yili yarim milliondan ziyodroq insonning o‘limiga sabab bo‘layotgan havoning ifloslanishini qisqartirish zarurligini qayd etadi», — deya qo‘shimcha qildi u.