Ijtimoiy tarmoqlarda IIB boshlig‘i Damas haydovchisiga tovush chiqaruvchi moslamasini bosgani uchun e’tiroz bildirgani aks etgan videolavha tarqalgandi. Mazkur holat yuzasidan IIV YHXBB munosabat bildirib, viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotganligini ma’lum qilgan edi.

Xizmat tekshiruvi yakuniga ko‘ra, Paxtachi tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi katta inspektori katta leytenant M.Tog‘ayevga hayfsan, yo‘l-patrul xizmati inspektori safdor F.Haitovga tanbeh intizomiy jazosi berildi. Ular fuqarolar bilan muloqot jarayonida, hushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lmasdan, nosamimiylik bildirib, Ichki ishlar vazirining «Muomala madaniyati» va «Odob-ahloq qoidalari» to‘g‘risidagi buyrug‘i hamda Intizom Ustavi talablarini buzganligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Paxtachi tumani IIB boshlig‘i mayor S.Ortiqovning xatti-harakatlarini viloyat Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan katta ofitserlar tarkibidagi «Intizomiy kengash»da ko‘rib chiqilishi belgilandi.