«Ijtimoiy fikr» respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi Xalqaro oila kuni arafasida nikoh va oilaviy munosabatlarning eng dolzarb masalalari, mavjud oilaviy muammolarni aniqlash va ularning yechimini topishga qaratilgan sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlarda respublikaning barcha hududlari, shahar va qishloq joylarida yashovchi, turli soha va tarmoqlarda band bo‘lgan 18 va undan katta yoshdagi fuqarolar ishtirok etdi, deyiladi xabarda. So‘rovnomada qatnashgan ishtirokchilar soni haqida ma’lumot berilmagan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar moliyaviy mustaqillik, oila uchun alohida doimiy uy-joyning mavjudligi va bo‘lajak er-xotinning jismoniy salomatligini oila qurishning asosiy shartlari, deb hisoblaydilar.

Aksariyat respondentlar (76,5 foiz) yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash kerak, deb hisoblaydilar. Bunda o‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra (73,4%), tayyorgarlik jarayonida asosiy rolni yoshlarning ota-onalari o‘ynashi lozim.

Tadqiqot natijalari fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi nikohni tuzishda FHDYOda ro‘yxatga olish tartib-taomilini majburiy, deb hisoblashini ko‘rsatdi (97,1 foiz). Mazkur ko‘rsatkich barqaror bo‘lib, bir necha yildan beri shu darajada turibdi.

Respondentlarning ko‘pchiligi nikohga kirishda «nikoh» diniy to‘y marosimini yoki cherkovda nikohlash marosimini o‘tkazish zarur, deb hisoblaydilar (98,5 foiz). O‘zbekistonliklar tibbiy ko‘rikdan o‘tish (95,6 foiz) va nikoh shartnomasining imzolanishini (55,9 foiz) ham nikoh tuzish tartib-taomilining muhim shartlari, deb hisoblaydilar.

So‘rov natijalarining ko‘rsatishicha, 41,2 foiz ishtirokchilarning oilalarida nizo va janjallar bo‘lib turadi. Fuqarolarning fikriga ko‘ra, quyidagilar so‘nggi yillarda oilaviy mojarolar yuzaga kelishining asosiy sabablari hisoblanadi:

  • oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchilik;
  • moddiy qiyinchiliklar;
  • o‘zining oilaviy majburiyatlariga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lish;
  • er-xotindan birining o‘z hukmini o‘tkazishga, so‘zsiz bo‘ysundirishga erishishga intilishi;
  • boshqa oila a’zolarining manfaatlari va fikrini inobatga olmaslik;
  • oila a’zolarining bir-biriga befarqligi; er-xotindan birining spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishi;
  • oilaning biron-bir a’zosi kasalligi va shular bilan bog‘liq muammolar.

So‘rov ishtirokchilarining aksariyati er tomonidan xotinga nisbatan jismoniy kuch ishlatilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Biroq o‘zbekistonliklarning jamoatchilik fikrida xavotirli tendensiya ham kuzatiladi: 10,3 foiz respondentlar ayrim hollarda kuch ishlatish mumkin, deb hisoblaydilar. Ularning fikriga ko‘ra, ayol o‘z xatti-harakati bilan erini kuch ishlatishga majbur qilgan hollarda jismoniy zo‘ravonlik holatiga yo‘l qo‘yish mumkin.

Respondentlarning fikricha quyidagi omillar ayolga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik namoyon bo‘lishining sabablari hisoblanadi:

  • spirtli ichimliklar va giyohvand moddalarni iste’mol qilish (23,5 foiz);
  • o‘zaro tushunmovchilik (22,1 foiz);
  • moddiy qiyinchiliklar (20,6 foiz).