Ro‘mol o‘rab kelgan qizlar bilan suhbati audioyozuvi ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan Chinoz tumanidagi 45-maktab direktori Zubayda Toshpo‘latova jamoatchilik va ota-onalardan uzr so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu audioyozuvda maktab direktori to‘rt nafar yuqori sinf o‘quvchi-qizlariga ro‘mol o‘rab kelganlari sababli tanbeh bergani aks etgan edi. Xususan, direktor qizlarga: «Sizlarga tepadan vahiy tushdimi? Hozir indashmayotganining sababi — saylov o‘tishini kutishayapti, saylov o‘tib olsin, ko‘rasizlar. Qanaqadir tashkilotlar kelib surishtirishi kerakmi ota-onalaringni?» kabi-gap-so‘zlarni aytgan edi.

«Haqiqatdan, kecha maktabga o‘quvchi-qizlar maktab formasisiz kelganligi sababli o‘z xizmat xonamga olib kirib, ochiq rangli ro‘molni orqa tarafdan o‘rashligini o‘z xizmat vakolatim doirasida tushuntirish ishlarini olib bordim. Ro‘mol o‘ramaslik haqida mahalliy hokimiyat organlari huquq-targ‘ibot (tartibot — tahr.) organlari, Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan hech qanday topshiriq bo‘lgani yo‘q», — dedi Zubayda Toshpo‘latova.

Maktab direktori ro‘mol bilan saylov jarayonlarining hech qanday aloqasi yo‘qligi, faqatgina saylov jarayonlari vaqtida xalqaro kuzatuvchilarning tashrifi doirasida dunyoviy maktabga ularning fikri o‘zgarmasligini xohlagani uchun ularga tushuntirish ishlarini olib borganini ta’kidladi.

«Noto‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lganligimni tushunib yetdim. Alhamdulillah, men ham musulmon farzandiman. Qilgan bu noto‘g‘ri munosabatimdan jamoatchilikdan hamda ota-onalardan uzr so‘rayman», — dedi.