Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning harakatlari to‘g‘risida tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi.

Xabarda aytilishicha, hokimning birinchi o‘rinbosari Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Usta Normat» mahallasi raisi Alisher Ikromovni haqorat qilgan va unga qarshi kuch ishlatgan.

Voqea holatlariga oydinlik kiritish uchun vazirlik matbuot xizmati va uning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari A.Ikromov bilan bog‘lanishdi. Uning ma’lum qilishiga ko‘ra, 9 may kuni B.Rahmonov uni yuqorida ko‘rsatilgan mahalla hududida joylashgan otasining uyiga chaqirgan.

«Ma’lumotlarga ko‘ra, 9 may kuni u „Usta Normat“ mahallasi Dehqonobod ko‘chasida joylashgan, B. Rahmonovning ota uyiga chaqirtirilgan. U bu yerda o‘zining xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan, umuman boshqa bir masalaning bajarilmaganligi bo‘yicha B.Rahmonov tomonidan turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlangan, hatto unga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan», — deyiladi Mahalla vazirligi xabarida.

Ayni vaqtda mazkur holat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingan hamda vazirlik ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o‘rganilmoqda.

Baxtiyor Rahmonov shu yil yanvar oyida Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan edi. Bungacha u Olmazor, undan oldinroq — Sergeli hoqimi bo‘lgan. 2011−2016 yillarda u poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan.

Avgust oyida internetga o‘sha paytda poytaxtning Olmazor tumanini boshqargan Baxtiyor Rahmonovning uchrashuvi audioyozuvi tarqalgan edi. Unda Baxtiyor Rahmonov «yig‘ilish ishtirokchilariga qayta-qayta so‘kib murojaat qilayotgani, ularni haqoratlayotgani, qamatish, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilayotgani» aytilgan.