Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi. Davlat rahbari markazdagi sharoitlar bilan tanishib, bu yerda davolanayotgan bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashdi. Mazkur suhbatlardan biri Asakalik Roziya Bozorboyeva bilan bo‘ldi.

Roziyaning onasi aytgan so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyida Andijon viloyatining Asaka tumanidan Toshkentga davolanish uchun kelishgan. “Kimyo-terapiyani oldik, jarrohlik amaliyotini o‘tkazdik, hozirgi paytda nur terapiyasini olmoqdamiz. Kelgan vaqtdagiga qaraganda ancha yaxshimiz, natijalar ham yaxshi. Bu yerda hamma shart-sharoit yaxshi. Uch mahal issiq ovqat berilyapti. Hammajoy toza-ozoda, bolalar uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgan. Odamlar chet elga borib davolanyapti, lekin bizda ham hamma sharoitlar bor”, — deydi u. Roziyaning onasining so‘zi bilan aytganda “prezident kelishini eshitgan Roziyaning nosog‘lom hujayralari sog‘ayib ketdi”.

Prezident Roziyaga sog‘ayib ketishini aytib, Andijonga borganida prezidentga xat yozishini ta’kidladi. Roziyaning onasi qizi u yerdagi shifokorlarni ko‘rib Andijon tibbiyot institutiga kirishni niyat qilganini prezidentga bildirdi. “Andijon tibbiyot institutiga kirdi! Mening hisobimdan bugun kirdi. Prezident hisobidan o‘zim „norma“ beraman, kirib, yaxshi o‘qib, bundan ham zo‘r shifokor bo‘lasiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev Roziyaning onasining gaplarini eshitgandan so‘ng.

Foto: “O‘zbekiston 24”

“Men o‘qishga kirolmayman, deb o‘ylagandim. Ko‘p vaqtim kasalxonada o‘tib ketayotgandi. Lekin prezidentimiz kelib tuzalasan, talaba bo‘lasan deb aytdi. Juda ham xursand bo‘ldim”, — deydi Roziya Bozorboyeva.

“Qizim Andijon tibbiyot institutiga qabul qilindi kecha. Prezident shu va’dani berganlaridan so‘ng darrov Andijon viloyati hokimi telefon qildi. Andijon tibbiyot instituti rektorlari telefon qilishdi”, — deydi Roziyaning onasi ko‘zyoshlari bilan.

Foto: “O‘zbekiston 24”

Roziyaning so‘zlariga ko‘ra, uning prezident kelganiga, o‘qishga kirganiga hali ham ishongisi kelmaydi. “Huddi tushda yashayotgandekman. Hammasi shunchalik tez bo‘ldiki, o‘zimning ishongim kelmayapti. Endi men faqat yaxshi bo‘lish uchun kurashaman”, — deydi Roziya.

“Bugun siz uchun qanday kun?”, degan savolga Roziyaning onasi “Bugun prezidentimizni ko‘rgan kun. Televizorda ko‘rar edik. Hayotda boshqacha odam ekanlar. Samimiy, oddiy… Tasvirlab bera olmayman… Bizning boshimizga soyabon keldi”, — deb javob berdi.