Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning samaradorligini oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazmoqda, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Xalqimiz sog‘liqni saqlash sohasining holatidan norozi. Har bir rahbar tibbiyot bo‘yicha aholi oldida hisobdor bo‘lishi kerak», — dedi u.

Ma’lum qilinishicha, joylarda o‘tkazilgan so‘rovlarda bor-yo‘g‘i 13 foiz aholi tibbiyotda ijobiy o‘zgarishlarni sezayotganini bildirgan. Ayniqsa, Andijon, Xorazm va Toshkent viloyatlarida yashovchi aholi bu sohadagi ishlar ahvolidan qoniqmayapti.

Joriy yilda byudjetdan 21 trillion so‘m ajratildi (2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p).

«Bepul tibbiyot [tibbiy xizmat nazarda tutilmoqda — tahr.] yo‘q deyapti odamlar. Hammayoqda korrupsiya deyapti odamlar. Respublikadan mablag‘ ajratilyapti, lekin uning qadriga yetib, to‘g‘ri yo‘naltirilmayapti», — dedi u.

Davlat rahbari sohada 5 ta yo‘nalishda jiddiy o‘zgarishlar qilish shartligini aytgan:

Birinchisi, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish;

Ikkinchisi, ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash;

Uchinchisi, raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish;

To‘rtinchisi, tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatning rivojlanishi va xususiy sektor jadal kirib borishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

Beshinchisi, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish shart.

Prezident vazir, vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar tibbiyot rahbarlarining faoliyatini tanqib qilib, ularning hammasi ham aniq tushunib ishlamayotganini ta’kidlagan.

«Lekin, vazir o‘rinbosarlarining mas’ul uchastkasi, masalani hal qilishda vakolati bo‘lmasa, fidoyi bo‘lib, pastga tushib bevosita mahallada ishni tashkil qilmasa, islohotlar aholigacha yetib borishi qiyin. Shu bois, bugundan boshlab barcha vazir o‘rinbosarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha, islohotlar natijadorligiga mas’uliyatni to‘liq olgan holda, shaxsan javob beradi», — dedi davlat rahbari.

Shu yil 1 iyuldan boshlab surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi.

Birinchi bosqichda Sirdaryo viloyatida oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali, erta o‘limning asosiy sababi bo‘lgan yurak va qon-tomir kasalliklarini davolash uchun aholi dori vositalari bilan bepul ta’minlanadi.

Davlat rahbari Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Inoyatovga bir oy muddatda birlamchi bo‘g‘inda davolash bepul tibbiy xizmatlar paketini amaliyotga kiritish topshirig‘ini berdi.