Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning samaradorligini oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazmoqda, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Unda davlat rahbari Guliston shahridagi bitta oilaviy poliklinikani xususiy sheriklikka berish bo‘yicha tajribani boshlash kerakligi haqida gapirdi. Bu borada sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov va Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzayev uch oy muddat berildi.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun, Abdulla Azizovga raqamlashtirish sohasida tender o‘tkazish, shartnoma imzolash, IT bo‘yicha rahbarlarni tanlash va tayinlash, xususiy sheriklik hamda xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlash masalalari bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish vakolati berildi.

Ta’kidlanishicha, xaridlar natijasida iqtisod qilinadigan byudjet mablag‘larini ushbu yo‘nalishdagi yangi loyihalarga yo‘naltiradi.

Qolaversa, tibbiyotni raqamlashtirish va xususiy sheriklik bo‘yicha barcha vakolatlar va mas’uliyat vazir o‘rinbosari Abdulla Azizovga o‘tkaziladi.

«Tibbiyot muassasalariga ayni paytda 50 mingta kompyuter yetishmaydi. Misol uchun, Jomboyda 12 ta oilaviy poliklinika va shifokorlik punktidan 11 tasida kompyuter ham, internet ham yo‘q», — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sohani raqamlashtirish uchun byudjetdan ajratilgan 28 mlrd so‘m o‘tgan 4 oyda hali ham o‘zlashtirilmagan.

«Endi, viloyat tibbiyot boshqarmalarida raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi tashkil etiladi va ular Abdulla Azizovga bevosita bo‘ysunadi. Shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta IT-operator-hamshira lavozimi joriy etiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umarov, Sodiqov, Azizovga ikki hafta muddatda tibbiyot xodimlari uchun kompyuter savodxonligi bo‘yicha IT-markazlarda bepul o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda Abdulla Azizov yil yakuniga qadar aholining salomatligi to‘g‘risidagi hamda tibbiy jihozlar ma’lumotlar bazalarini to‘liq yo‘lga qo‘yishi lozimligi ta’kidlandi.

Jumladan, 1 avgustga qadar elektron order tizimini ishga tushirib, barcha hududlar va ixtisoslashgan markazlarni ulanishini ta’minlash zarurligi aytildi.

1 avgustga qadar Sirdaryo viloyatida, 1 noyabrga qadar Toshkent шаҳрида barcha poliklinikalar to‘liq raqamlashtiriladi. Bu borada Abdulla Azizov, G‘ofurjon Mirzayev, Alimov va Xotam Shokirovlarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Bundan tashqari, mutasaddilarga yil yakuniga qadar yangi 11 ta xususiy sheriklik bitimlarini imzolash va 6 ta boshlangan loyihani ishga tushirishga oid topshiriq berilgan.