Uzoq davom etadigan ish kuni 2016 yilda insult va yurak tomirlari kasalliklari oqibatida 745 ming kishi vafot etishiga olib keldi, bu 2000 yilga nisbatan 29 foizga ko‘proqdir. Bu haqda 17 may kuni Environment International jurnalida e’lon qilingan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarda aytilgan. Ushbu ma’lumotlar JSST saytida keltirilgan.

JSST va XMT dastlabki global tahlilga ko‘ra, haftasiga 55 soatdan kam bo‘lmagan vaqt davomida ishlash sababli 2016 yilda 398 ming kishi insult, 347 ming kishi yurak kasalliklari oqibatida vafot etgan deya ma’lum qildi. 2000 yildan 2016 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida uzoq muddat ishlash natijasida yurak xastaligidan vafot etganlar soni 42 foizga, insultdan oqibatida vafot eganlar esa 19 foizga ko‘paygan.

Ish bilan bog‘liq kasalliklar ayniqsa erkaklarga (umumiy o‘lim holatlarining 72 foizi) to‘g‘ri keladi. Bunday holatlar Tinch okeanining g‘arbiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqalari aholisida hamda o‘rta va katta yoshdagi ishchilar orasida ko‘p uchraydi. O‘lim holatlarining aksariyati 45−74 yoshlar oralig‘idagi insonlarda, haftasiga 55 soatdan ko‘proq ishlaydigan 60−79 yoshdagi odamlar orasida qayd etilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra haftasiga 55 soat yoki undan ko‘proq vaqt davomida ishlash insult xavfini haftasiga 35−40 soat ishlash bilan taqqoslaganda 35 foizga va yurak tomirlari kasalliklari kelib chiqishi xavfini 17 foizga oshiradi.

Ma’lumotlarning ko‘rsatishicha, ortiqcha ish bilan band bo‘lganlar soni tobora ko‘payib bormoqda va hozirgi kunda butun dunyo aholisining 9 foizini tashkil qilmoqda. Ushbu tendensiya sababli odamlar «nogironlik va erta o‘lim xavfiga duch kelishmoqda».

COVID-19 pandemiyasi ish vaqtini tashkil etish muammosiga yana e’tibor qaratishga olib keldi. Pandemiya davrida ish vaqtining ortishiga olib keluvchi omillarning ta’siri borgan sayin kuchaymoqda. «Uzoq vaqt ishlash ko‘plab sohalarda odatiy holga aylandi, aksariyat hollarda uy va ish tushunchalari o‘rtasidagi chegaralar yo‘qola boshladi», — dedi JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

JSST va XMTning hukumatlar, ish beruvchilar va ishchilarga salomatlikni muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalari:

  • hukumatlar majburiy ortiqcha ish vaqtini taqiqlovchi va maksimal ish vaqtini cheklovchi qarorlar, qonun va qoidalarni qabul qilishi, amalga oshirishi va nazorat qilishi mumkin;
  • ish beruvchilar va ishchilar uyushmalari o‘rtasida tuzilgan ikki tomonlama yoki jamoaviy bitimlar maksimal ish vaqtini belgilash orqali yanada moslashuvchan ish vaqtini ta’minlashi mumkin;
  • xodimlar ish vaqtini haftasiga 55 soatdan oshirmagan holda taqsimlashlari mumkin.