18 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning samaradorligini oshirish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazdi.

«Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, yig‘ilishda tibbiy sug‘urtani respublikaning barcha hududlarida joriy qilish masalasiga ham e’tibor qaratilgan.

«Tibbiy sug‘urtani joriy qilish tezlashmasa, tibbiyot sohasida hisob-kitob ham, keskin o‘zgarish ham bo‘lmaydi», — dedi prezident.

Shunga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev hamda moliya vaziri Timur Ishmetovga bir oy muddatda Sirdaryodan tashqari boshqa hududlarda ham tibbiy sug‘urtani joriy qilishga oid rejalar taqdimotini o‘tkazish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sabirov ixtisoslashgan markazlarini isloh qilishi, ularni «tumanbay» va «mahallabay» ishlashga o‘rgatishi zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ftiziatriya va Pediatriya markazlari barcha hududlarda o‘z filiallarini tashkil etgani bois, poytaxtga keluvchi bemorlar soni so‘nggi 2 yilda qariyb 20 foizga kamaygan.

«Shu bilan birga, Neyroxirurgiya markaziga boshqa hududlardan murojaatlar kamaygan bo‘lsa-da, filial tashkil etilmagan Xorazm viloyatidan qatnov 60 foizga ortgan. Shu bois, Ulug‘bek Sobirov ixtisoslashgan markazlar bilan viloyat, tuman va shahar tibbiyot muassasalarini bir-biriga bog‘lash bo‘yicha mutlaqo yangi тизимни yaratishi zarur», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilganidek, jarrohlik amaliyotini talab etmaydigan yurak qon-tomir, oshqozon-ichak, nafas yo‘llari, teri kasalliklariga diagnoz qo‘yish, davolash va reabilitatsiya jarayonlarini tumanlarda amalga oshirish mumkin.

Ko‘z mikroxirurgiyasi, yurak qon-tomirda stentlash, urologiya, travmatologiya, ko‘krak va qorin bo‘shlig‘i yo‘nalishlaridagi jarrohlik muolajalarini viloyat darajasida tashkil qilish uchun barcha sharoitlar yetarli.

Buning uchun bir qancha tibbiyot markazlari quyidagilarni yo‘lga qo‘yishi shart:

  • Travmatologiya markazi — Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Toshkent viloyatida protezlash;
  • Xirurgiya va Shoshilinch markazlar — Samarqand, Namangan va Xorazmda buyrak transplantatsiyasi;
  • Kardiologiya markazi — Andijon, Navoiy va Qashqadaryoda yurak qon-tomirda stentlash va bolalar yurak jarrohligi;
  • Urologiya markazi — Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Farg‘onada buyrakdan tosh olish muolajalari.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, «respublika markazlarida esa, faqat murakkab tashxisli kasalliklar va yuqori texnologik amaliyotlar bajarilishi ustuvor bo‘lishi kerak».

Shu bois, Ulug‘bek Sobirovga 17 ta ixtisoslashgan markazlar direktorlari bilan birga, ikki hafta muddatda respublika, viloyat va tuman shifoxonalarida davolash lozim bo‘lgan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlab, quyi bo‘g‘in shifokorlari malakasini oshirishi vazifasi topshirildi.

«Umuman, Ulug‘bek Sobirovga ixtisoslashgan markazlar va ularning filiallari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, jihozlash bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish, tender o‘tkazish va shartnoma tuzish, markazlarga byudjet mablag‘lari va orderlarni taqsimlash vaколатлари beriladi», — dedi prezident.

Viloyat hokimlari mahalliy byudjet hisobidan tor doiradagi xizmatlar yo‘lga qo‘yiladigan hududiy tibbiyot muassasalarini angiograf, laparoskop, sun’iy qon aylantirish kabi yuqori texnologik uskunalar va tibbiyot vositalari bilan ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Hokimlar va Ulug‘bek Sobirov birgalikda ikki oy muddatda ixtisoslashgan markazlarga Yevropa davlatlari, Koreya, Rossiya, Turkiyadan tibbiyot boshqaruvi ekspertlarini jalb qilishi zarurligi aytildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosarlari Ulug‘bek Sobirov, Abdulla Azizov va Bahodir Yuusupaliyev ikki oyda xususiy tibbiyot tashkilotlariga litsenziya berish tartibini soddalashtirib, jarayonlarni to‘liq raqamlashtirishi ta’kidlandi.