18 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar, deya xabar bermoqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Qonun loyihasi bilan elektr dvigateli orqali harakatlanadigan avtomototransport vositalarini (elektromobillar) sotib olish va (yoki) O‘zbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im to‘lashdan ozod etilishi nazarda tutilmoqda.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonga qiymati 2,9 million dollar bo‘lgan 131 ta elektr transport vositasi import qilingan. Joriy yilning ikki oyi davomida 85 ta elektromobil mamlakatga olib kelingan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston elektromobillar ishlab chiqarishni o‘zlashtirmoqchi. Xususan, avvalroq «O‘zavtosanoat» 2025 yilga qadar bunday transport vositalarini mart oyida ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi. Aprel oyida 2021 yilning noyabr oyida «Farg‘ona» kichik sanoat zonasida elektr transport vositalarini yig‘ishni boshlash kutilayotgani haqida xabar berilgan edi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 30 mingtani tashkil etadi.

Shuningdek, 2019 yil may oyida Janubiy Koreyaning Hyundai kompaniyasi Qo‘qonda elektromobillar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi ekani, loyiha qiymati 300 mln dollar bo‘lib, ilk elektromobilning 2023 yilgacha ishlab chiqarilishi kutilayotgani ma’lum qilingandi.