Samarqandda 17 yoshli qizning murdasi topildi

Pastdarg‘om tumanidagi kanalda 17 yoshli qizning murdasi topildi. Qizning yaqinlari uning nomusiga tegib, keyin o‘ldirganini gumon qilishayotganini bildirgan. Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, marhumaning o‘limi, suvga cho‘kishdagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanini va jinsiy a’zolarida tan jarohatlari aniqlanmaganligi aytilmoqda.

Jahon banki suv ta’minotini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi

Jahon banki va O‘zbekiston hukumati «O‘zbekistonda suv ta’minoti xizmatlari sektorini rivojlantirish va uni institutsional qo‘llab-quvvatlash» loyihasi bo‘yicha moliyaviy va grant bitimlar hamda «O‘zbekistonda milliy innovatsion tizimni modernizatsiya qilish» loyihasi bo‘yicha moliyaviy bitimlar imzoladilar. Loyihani amalga oshirish uchun JB tomonidan 239 mln AQSH dollari miqdorida imtiyozli kredit, shuningdek, Shveysariya davlat kotibiyatining iqtisodiy masalalar bo‘yicha 7,8 mln AQSH dollari miqdoridagi granti ajratiladi.

Yana bir million dozada xitoy-o‘zbek vaksinasi olib kelindi

18 may kuni O‘zbekistonga Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 1 million dozasi Xitoydan olib kelindi. Ertaga ushbu vaksinadan yana 500 ming doza vaksina olib kelinishi aytilmoqda.

Chilonzor va O‘zbekiston metro liniyalari ishlash vaqtini o‘zgartiradi

21 maydan Toshkent metrosining Chilonzor va O‘zbekiston yo‘nalishlari ishlash tartibi vaqtincha soat 6:00 dan 23:00 gacha o‘rnatiladi (hozir — soat 5:00 dan 00:00 gacha), deya ta’kidladi kompaniya.

Ushbu metro liniyalarining ish vaqtini o‘zgartirish sabablari, shuningdek, avvalgi rejimga qaytish sanasi ko‘rsatilmagan.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari mahalla raisini haqoratlab, kuch ishlatdi — Mahalla vazirligi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Usta Normat» mahallasi raisi Alisher Ikromovni haqorat qilgan va unga qarshi kuch ishlatgani to‘g‘risida tarqalgan ma’lumotni tasdiqladi.

Ayni vaqtda mazkur holat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingan hamda vazirlik ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o‘rganilmoqda.

Hokimning «maxfiy» qarori tufayli tadbirkorga tovon puli to‘lab berilmadi

Toshkentning tuman hokimi «maxfiy» qaroriga binoan tadbirkor yer uchastkasini olib qo‘yilishi munosabati bilan o‘z savdo ob’ektidan mahrum bo‘ldi, deya ma’lum qildi biznes ombudsman. Sud poytaxt hokimiyatiga buzilgan inshoot uchun tadbirkorga tovon puli to‘lash majburiyatini yukladi.

«Bepul tibbiyot yo‘q, hammayoqda korrupsiya deyapti odamlar» — Shavkat Mirziyoyev

Prezident tibbiyot sohasiga bag‘ishlangan videoselektorda respublikadan ajratilayotgan mablag‘lar to‘g‘ri sarflanmayotganini tanqid qildi. «Bepul tibbiyot yo‘q, hammayoqda korrupsiya deyapti odamlar», — dedi u. Qolaversa, davlat rahbari sohada o‘zgarish qilish shart bo‘lgan 5 ta yo‘nalishni belgilab bergan.

«Tibbiy sug‘urtani joriy qilish tezlashmasa, tibbiyotda keskin o‘zgarish bo‘lmaydi» — prezident

Seshanba kungi videoselektorda Shavkat Mirziyoyev tibbiy sug‘urta bo‘yicha Sirdaryo tajribasini tezroq butun respublikada hayotga tadbiq etish zarurligini qayd etdi. Bundan tashqari, jarrohlik amaliyotini talab etmaydigan yurak qon-tomir, oshqozon-ichak, nafas yo‘llari, teri kasalliklariga diagnoz qo‘yish, davolash va reabilitatsiya jarayonlarini tumanlarda amalga oshirish kerakligi aytildi.

1 avgustga qadar Sirdaryodagi, 1 noyabrgacha esa Toshkentdagi barcha poliklinikalarni to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilmoqda.

Elektromobillarni olib kirish uchun yig‘imni bekor qilish ma’qullandi

Elektromobillarni sotib olish va (yoki) O‘zbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirish uchun yig‘im bekor qilinadi. Qonunchilik palatasi Soliq kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun loyihasini qabul qildi.