Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida 17 yoshli qizning murdasi topilgani haqida xabar tarqaldi. Kun.uz nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, qiz Pastdarg‘om tuman Chandir qishlog‘ida yashovchi, shu tumandagi 45-maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Marhumaning yaqinlari farzandi qotillik qurboni bo‘lganini bildirgan.

«11 may kuni qizim oilaviy ro‘za tutishimiz uchun saharlik tayyorlashga uyg‘onib, birozdan so‘ng yo‘qolib qoldi. Biz buni payqaganimizda soat besh bo‘lib qolgan edi. Tezda izlashni boshladik. IIB va qarindoshlarga xabar berdik. Ko‘p o‘tmay qishlog‘imizdagi anhor yaqinidan uning qo‘l telefoni va oyoq kiyimi topildi», — dedi qizning otasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 may kuni ertalab tonggi soat 5 lar atrofida qizning jasadi anhordan ko‘zi bog‘langan holda topilgan. Topilgan vaqtda uning yuzida jarohatlar, burni ustida tirnoq izlari bo‘lgan.

«Biz o‘zimiz ko‘rgan jarohatlar, keyinroq topilgan guvohning so‘zlaridan kelib chiqib, qizimizni to‘rt nafar odam avval nomusiga tegib, keyin o‘ldirgan degan gumondamiz», — dedi marhumaning otasi.

Qizning yaqinlariga ko‘ra, qiz yo‘qolgan kuni tong saharda uning qo‘lida bo‘lgan telefonga begona raqamdan javobsiz qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

«Raqam egasini topdik. Shu qishloqda yashovchi yigit H.O. ekan. U nima sababdan qo‘ng‘iroq qilganini aytib berdi. Unga ko‘ra, H.O. 11 may kuni tong saharda to‘rt nafar bolaning qizimizni quvayotganini ko‘rgan. Ularni insofga chaqirgan, keyinroq ulardan ikki nafari H.O.ning qo‘lidagi telefondan qizga qo‘ng‘iroq qilgan», — deydi qizning yaqinlari.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat prokuraturasi rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, tuman prokuraturasi boshchiligidagi tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida 12 may kuni S.X.ning murdasi tumanning «Do‘stlik» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi «Eski Anhor» kanalidan topilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, S.X.ning bedarak yo‘qolib, o‘lik holatda topilganligini holati yuzasidan xizmat tekshiruvlari va sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlanib, voqeani bevosita guvohi bo‘lgan yoki undan xabardor bo‘lgan shaxslar doirasini aniqlash va ulardan tushuntirish olish ishlari olib borilmoqda.

«Sud tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, marhumaning o‘limi, suvga cho‘kishdagi mexanik asfiksiyadan kelib chiqqanligi, S.X.ning qizlik pardasi butunligi, buzilmaganligi, qizlik pardasini buzmasdan turib jinsiy aloqa qilishning imkoni yo‘qligi, shuningdek, marhumaning jinsiy a’zolarida tan jarohatlari aniqlanmagan», — deyiladi prokuratura bayonotida.

Hozirda, holat bo‘yicha Pastdarg‘om tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda. Tekshiruvning borishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.