Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) Toshkent tuman hokimining «mahfiy» qarori tufayli tadbirkorga tovon puli to‘lanmaganligini ma’lum qildi.

«Trader» XK (nomi o‘zgartirilgan) Toshkent shahridagi umumiy maydoni 72 kv.metrlik savdo do‘koni orqali o‘z savdo faoliyatini amalga oshirib kelgan. Savdo do‘koni joylashgan yer uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun shahar hokimligi tomonidan olinib, savdo do‘koni buzilgan.

«Tadbirkorga buzilgan savdo do‘konning o‘rniga boshqa binoni ajratish taklif etilgan. Ushbu binoga bo‘lgan huquqni tadbirkor nomiga rasmiylashtirishda hokimining qaror nusxasi lozim bo‘lgan, ammo hokimning qarori mahfiy bo‘lganligi vaj qilinib, uning nusxasi tadbirkorga taqdim etilmagan», — deyiladi xabarda.

Biznes-ombudsman tomonidan Chilonzor tumanlararo ma’muriy sudiga kiritilgan arizasi natijasida sud tomonidan kompensatsiya ajratishda «Toshkent shahar hokimligining harakatsizligi qonunga xilof» deb topildi va tadbirkorga buzilgan bino-inshoot uchun kompensatsiya ajratish yuzasidan majburiyat yuklatildi.

Poytaxt ma’muriyati hozircha mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.