Ijtimoiy tarmoqlarda IIB boshlig‘i Damas haydovchisiga tovush chiqaruvchi moslamasini bosgani uchun e’tiroz bildirgani aks etgan videolavha yuzasidan IIV YHXBB munosabat bildirdi.

Videolavhaga ko‘ra, 8 may kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumani Mustaqillik ko‘chasida tuman IIB boshlig‘ining xizmat avtomobili yo‘l chetida turgan Damas oldiga kelib to‘xtagan. Damas haydovchisi ularga qarata signal chalganidan so‘ng IIB xodimlari unga e’tiroz bildirgan. YHXB xodimi haydovchidan hujjatlarini taqdim qilishini so‘ragan va o‘zaro muloqot vaqtida xodim muomala madaniyatidan chetga chiqqan. Jumladan, qolgan hujjatlarni ham so‘ragan YHXB xodimi ularni nima qilishini so‘ragan haydovchiga javoban «Yeyman», deb javob berilgan.

Shundan so‘ng haydovchining me’yoriy hujjatlari to‘liq bo‘lmagani sabab ma’muriy bayonnoma tuzilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Holat yuzasidan hozirda viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

«Barcha YPX xodimlari hamda yo‘l harakati qatnashchilaridan o‘zaro muloqot vaqtida muomala madaniyatiga rioya qilishlarini so‘raymiz», — deyiladi IIV xabarida.