Avvalroq, Shavkat Mirziyoyevning 10−12 iyun kunlari Tojikistonga rasmiy tashrif bilan borishi haqida yozgan edik.

Tojikistonning Asia-Plus nashri hukumatdagi manbasiga tayanib xabar berishicha, O‘zbekiston yetakchisi qo‘shni mamlakatga tashrifi davomida Xo‘jand shahriga ham boradi. Unga Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamrohlik qiladi.

Ikki mamlakat rahbarlari Dushanbeda muzokaralar o‘tkazilib, 30 dan ortiq hukumatlararo bitimlarni imzolaganidan so‘ng, So‘g‘d viloyati ma’muriy markaziga borishi kutilmoqda.

O‘zbekiston prezidenti So‘g‘d viloyatining savdo-iqtisodiy salohiyati bilan tanishishi, qolaversa, bir qator sanoat korxonalari va madaniy-tarixiy joylarni ziyorat qilishi reja qilingan.

Xabarda ta’kidlanishicha, «Viloyatlar rahbarlari bilan So‘g‘d hamda O‘zbekistonning qo‘shni hududlari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatish masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan».