O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari hamkasbi Qasim-Jomart Toqayevni tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, farovonlik va muvaffaqiyat tiladi.

Qozog‘iston prezidentining birodar mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi qayd etildi.

Muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan oliy darajadagi muloqotlar ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarining jadal sur’at bilan rivojlanishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Avval erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi hamkorlikning barcha ustuvor yo‘nalishlarda yanada kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.