Isroil va Falastin tomonlarining jangovar harakatlari zudlik bilan to‘xtashi kerak, BMT barcha tomonlar bilan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga erishish uchun harakat qilmoqda, dedi tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterresh BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.
«Jang to‘xtashi kerak. U zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Bir tomondan raketa va minomyot hujumlari, boshqa tomondan esa havo va artilleriya hujumlari to‘xtashi kerak. Men barcha tomonlarni bu chaqiriqqa quloq solishga chaqiraman», — dedi Guterresh.
«G‘azodagi qochoqlar lageriga qilingan hujum oqibatida bir oilaning 10 a’zosi halok bo‘lgani meni dahshatga solmoqda. Gumanitar ob’ektlar muhofaza qilinishi kerak», — dedi BMT rahbari.
Guteresh jurnalistlarga qo‘rquv va tazyiqsiz ishlashga ruxsat berish kerakligini ta’kidladi. «G‘azodagi OAV idoralarining yo‘q qilinishi katta tashvishga solmoqda», — ta’kidladi u.
BMT bosh kotibining ta’kidlashiga ko‘ra, mavjud vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li — BMTning tegishli rezolyutsiyalari, xalqaro huquq va oldingi kelishuvlar asosida tinchlik, xavfsizlik va o‘zaro tan olish sharoitlarida qo‘shni bo‘lib yashaydigan ikki davlat tuzish bo‘yicha, Quddus ikkala davlatning poytaxti bo‘lgan holda, muzokaralarga qaytish bo‘ladi.
8 mayga o‘tar kechasi Sharqiy Quddusda falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida keng miqyosli to‘qnashuvlar yuz berdi. To‘qnashuvlar birdaniga ikkita hududda boshlandi: Ma’bad tog‘i yaqinida va bir necha arab oilalari Isroil sudi tomonidan uyidan quvib chiqariliyotgan Shayx Jarrah kvartalida, bu esa bir necha kunlik noroziliklarga sabab bo‘lib, tartibsizlikka aylangan.
Isroil va Falastinning G‘azo sektori chegarasidagi vaziyat 10 may oqshomida keskinlashdi. Eskalatsiya boshlanganidan beri 16 may holatiga ko‘ra, G‘azo sektoridan Isroil hududiga 2,9 mingta raketa yuborilgan, ulardan 1150 tasi ushlab qolingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda 10 kishi halok bo‘ldi, 50 ga yaqin kishi jiddiy jarohat oldi. G‘azo sektoriga ham Isroil yuzlab zarbalar berdi. Isroil havo hujumlarida halok bo‘lgan falastinliklar soni 188 kishiga yetdi, ular orasida 55 nafar bola ham bor.