O‘zbekiston IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi bir guruh shaxslarga nisbatan qidiruv e’lon qilinganligi haqida ogohlantirdi.

Xabarda ularning «xalqaro ekstremistik guruhlar faoliyatiga qo‘shilib, ularning harakatlarida ishtirok etayotgani, milliy va umuminsoniy xavfsizlikka raxna solayotgani» qayd etilgan.

IIV mazkur shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lganlardan hududiy ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqami orqali xabar berishlarini so‘radi.

«Internet bugungi kunda butun dunyodagi vaziyat haqida soniyalar ichida cheksiz ma’lumotlarni ulashmoqda. Ular orasida esa xalqaro tinchlikka xavf soluvchi, insonlar o‘rtasida shafqatsizlik va terrorni targ‘ib etuvchi ma’lumotlar ham juda ko‘p. Internet foydalanuvchilari esa eng avvalo mana shu ma’lumotlarni o‘z zehni bilan farqlay olishi zarur. Aks holda esa aldov qurboni bo‘lib, yosh umri, salomatligi va kuch quvvatini, urush o‘choqlarida, terrorchi tashkilotlarning harbiy lagerlarida xazonga aylantirish hech gap emas», — deyiladi xabarda.