2021 yil 11 may kuni kuni ertalab 19 yoshli Ilnaz Galyaviyev Rossiyaning Qozon shahridagi gimnaziyaga ov miltig‘i bilan kelib, o‘quvchilar va maktab xodimlariga qarata o‘q uzgan. Natijada to‘qqiz kishi (ikki o‘qituvchi va yetti o‘quvchi) halok bo‘lgan. Bundan tashqari, yana 21 kishi yaralangan. Shuningdek, Galyaviyev maktabning birinchi qavatida yasama bombasini o‘rnatib, xonalarning ma’lum qismini vayron qilgan. Bir necha daqiqadan so‘ng u xavfsizlik kuchlariga taslim bo‘lib, hibsga olingan.

«Skulshuting» (inglizchadan «school shooting» — maktabdagi otishma) — bu maktab binosi ichida bo‘lganlarga qurolli hujum. Jinoyatchi o‘qotar quroldan ham, sovuq qurollardan ham foydalanishi mumkin. Skulshuting maktablarni bosib olish bilan bog‘liq terroristik hujumlardan farq qiladi. Terrorchilar aniq maqsadni ko‘zlaydilar — masalan, Beslandagi maktabga hujum qilgan terrorchilarning maqsadi Rossiya federal qo‘shinlarini Checheniston hududidan olib chiqish bo‘lgan. Skulshutingning esa ma’lum bir maqsadi yo‘q — faqat tartibsiz hujum paytida imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirish maqsad qilinadi.

Ayrim mamlakatlarda maktablarga o‘quvchilar va o‘sha maktabga dahldor bo‘lgan shaxslar tomonidan hujumlar uyushtirilishi kuzatiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, jinoyatchilarning aksariyati o‘quv davrida ko‘pgina haqorat va kamsitishlarga duch kelgani, psixologik kasalliklarga ega bo‘lganliklari yoki jamiyat tomonidan qabul qilinmagani sababli zo‘ravonlikka qo‘l urishadi. Shunday mudhish hodisalar ichida yettita eng yirik voqealar haqida qisqacha tafsilotlarni taqdim etamiz.

1927 yil «Bat» (AQSH)

Foto: National Editorial Association/Associated Press

Bat maktabidagi qirg‘in AQSH tarixidagi eng yirik maktabga qilingan hujum bo‘lib, 1927 yil 18 mayda Michigan shtatining Bat shahrida sodir bo‘lgan. Uning oqibatida 44 kishi halok bo‘lgan (38 nafar boshlang‘ich maktab o‘quvchisi va 6 nafar kattalar), 58 dan ortiq kishi jarohat olgan. Jabrlanganlarning aksariyati 2−6 sinf o‘quvchilari (7−14 yosh) bo‘lgan.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, mahalliy fermer Endryu Kixo maktab qurilishiga qo‘yilgan qo‘shimcha soliq tufayli zarar ko‘rgan. Maktab kengashi ishtirokchisi vazifasidan foydalangan holda, Kixo bir necha oy davomida binoga portlovchi moddalarni olib kirgan. Belgilangan vaqtda ularning portlashidan so‘ng, uning fermasi, maktabning shimoliy qanoti va yaqindagi yuk mashinasiga zarar yetgan. Hujumchining o‘zi ham halok bo‘lgan. Tergov davomida Kixoning sheriklari bo‘lmagani va u butun maktab binosini yo‘q qilishni maqsad qilgani aniqlangan.

55 yoshli Endryu Filipp Kixo — aqlli va mehnatsevar odam sifatida tanilgan, ammo shu bilan birga, u o‘zining fikriga qarshi bo‘lganlarga chiday olmagan va hayvonlariga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgani aytilgan. Uning bunday xarakteriga qaramay, Kiho ijobiy obro‘ga ega bo‘lgan. 1925 yilda u mahalliy ish yurituvchisi lavozimiga saylangan, ammo keyinchalik, 1926 yilning bahoridagi, saylov paytida u lavozimidan chetlashtirilgan va bu uning g‘azabiga sabab bo‘lgan. Qo‘shnilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha paytda Kixo mag‘lubiyat uchun jamiyatdan qasos olish rejasi haqida o‘ylashni boshlagan.

Portlash kuni Kixo fermasining panjarasida «Criminals are made, not born» («Jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydilar, jinoyatchiga aylanadilar» deb yozilgan taxtacha topilgan. Kixo bu bilan qishloqdoshlarini qiyinchiliklarida aybdor deb hisoblagani va vayronagarchilikning qasosini olishga kirishgan degan versiyani tasdiqlaydi.

1999 yil «Kolumbayn» (AQSH)

1999 yil 20 aprelda AQSHning Kolorado shtatidagi «Kolumbayn» o‘rta maktabidagi hujum ikki o‘quvchi 17 yoshli Erik Xarris va Dilan Klibold tomonidan rejalashtirilgan edi. Ular o‘qotar qurollar va qo‘lbola portlovchi qurilmalardan foydalangan holda maktab o‘quvchilari hamda xodimlarga hujum qilishgan. 13 kishi (12 nafar o‘quvchi va bir o‘qituvchi) vafot etgan, yana 23 kishi yaralangan. Shundan so‘ng hujumchilar o‘zlarini otib o‘ldirishgan.


Foto: Erik Xarris va Dilan Klibold/Wikipedia

Foto: Otishma paytida bolalarning evakuatsiya qilinishi/Wikipedia

Xarris va Klibold ma’lum vaqt mobaynida kuzatuv olib borib, qaysi vaqt maktab oshxonasida odamlar ko‘p bo‘lishini aniqlagan. Portlovchi moslamalarni oshxonada bir necha yuz kishi bo‘lgan vaqtda portlatishni rejalashtirishgan. Oshxonadagi bombalar portlatilgandan so‘ng, Xarris va Klibold vahima ichida qochib qutulmoqchi bo‘lib, tirik qolgan o‘quvchilar va o‘qituvchilarni otishni maqsad qilishgan. Keyin tez yordam mashinalari, o‘t o‘chiruvchilar, politsiya va jurnalistlar maktabga kelishni boshlaganlarida, maktab yonida qoldirilgan avtomashinalarga o‘rnatilgan portlovchi moslamalar portlab, tashqarida bir qancha odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishi kerak edi. Biroq na maktab oshxonasida, na mashinalardagi moslamalar portlagan.

Xarris va Kliboldning keyinchalik aniqlangan shaxsiy videotasvirlarida noqonuniy sotib olingan portlovchi moddalar, o‘q-dorilar va qurol-yarog‘ ko‘rsatilgan. Ushbu videolarda jinoyatchilar o‘zlarining qurollarini qanday qilib uylarida yashirishgani va ota-onalaridan nima qilayotganlarini berkitganlari haqida gapirganlar. Ba’zi lavhalarda Xarris va Klibold yaqin atrofdagi tog‘ etaklarida o‘q otishni mashq qilayotgani hamda hujumga tayyorgarlik paytida maktabning ba’zi joylari tasvirlangan. Voqeadan taxminan 15 soat oldin o‘spirinlar o‘z oilalari va do‘stlaridan kechirim so‘rab xayrlashuv videosini yozib olishgan.

Aniqlanishicha, o‘spirinlardan biri (Xarris) depressiyadan, g‘azabdan va o‘z joniga qasd qilish fikrlaridan shikoyat qilgan, ikkinchisi (Klibold) sinfdoshlari tomonidan ta’qib qilingan. Ushbu mavzudagi tadqiqotlardan birida maktablardagi otishmalarning uchdan ikki qismi bullying (maktabdagi zo‘ravonlik — tahr.) bilan bog‘liq ekanligi aytiladi.

2007 yil Yokela (Finlyandiya)

Foto: Yokeladagi hujum paytida/topnews.ru

Hodisa sodir bo‘lgan kuni 18 yoshli Pekka-Erik Auvinen maktabga birinchi darsga bormagan, uning o‘rniga soat 8:37 da internetga ulangan. Soat 9:33 da u YouTube tarmog‘iga suv havzasi yonidan olingan maktab fotosurati aks etgan videoni yuklagan. Videoda maktab kadridan keyin kameraga miltiq o‘qtalib turgan Erikning qizil fondagi suratlari bo‘lgan. Soat 11 dan keyin u matn, ovozli, videofayllarni tahrir qilgan va maktabdagi ommaviy qotilliklarga bag‘ishlangan internetdagi guruhga «bu kun tarixda qoladi» degan xabar bilan yuborgan.

O‘sha kuni Auvinen maktabda 8 kishi: olti o‘quvchi (5 o‘g‘il va bitta qiz), maktab hamshirasi va maktab direktorini o‘ldirgan. Auvinen o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lib, boshiga o‘q uzgan. Hushiga kelmasdan, shu kuni kasalxonada vafot etgan.

Barcha patronlarni hisobga olgan holda, Erik maktab atrofida 75 marta o‘q uzgani aniqlangan. Jami 328 ta foydalanilmagan patron topilgan.

2012 yil Sendi-Xuk (AQSH)

Foto: Wikipedia

AQSHning Konnektikut shtatidagi Sendi-Xuk boshlang‘ich maktabidagi hujum 2012 yil 14 dekabr kuni ertalab sodir bo‘lgan. 20 yoshli Adam Piter Lenza o‘z uyida onasini otib o‘ldirgan. So‘ng maktabga yetib kelgan va u yerda olti-yetti yoshdagi 20 nafar bolani, olti nafar kattalarni o‘ldirgan hamda ikkitasini yarador qilgan. Hammasi bo‘lib uning qo‘lidan 27 kishi vafot etgani qayd etilgan.

U qurbonlarining har biriga bir nechta o‘q uzgan. O‘quvchilardan kamida bittasi, olti yoshli Noa Pozner 11 ta o‘q bilan o‘ldirilgan. Jinoyatchi o‘qning ko‘p qismini asosiy kirish eshigi yonidagi birinchi sinf o‘quvchilarining ikkita sinfxonasida ishlatgan, bir sinfda o‘n to‘rt bolani, ikkinchisida olti bolani otgan. Lanza yaqinlashayotgan politsiyaning ovozlarini eshitib, boshiga o‘q uzib o‘z joniga qasd qilgan.

2013 yil noyabr oyida Konnektikut prokuraturasi keng qamrovli tekshiruv hisobotini e’lon qilgan. Lenza o‘z harakatlarini oldindan va yakka o‘zi rejalashtirgani aniqlangan, ammo nima uchun jinoyat sodir etganligi va aynan Sendi-Xuk maktabini tanlash sabablarini tushuntirish uchun yetarli dalillar yo‘q bo‘lgan.

Sinfdoshlar va o‘qituvchilar Lenzani «aqlli, ammo asabiy va bezovta» deb ta’riflaganlar. U muloqotdan qochgan, boshqalar orasida o‘ziga nisbatan ishonchsiz bo‘lib, yaqin do‘stlari bo‘lmagan. Akasining so‘zlariga ko‘ra, Adam yengil autizm va shaxs buzilishining ma’lum bir shakli bilan og‘riganligi gumon qilingan.

2018 yil Marjori Stounman Duglas (AQSH)

Foto: Wikipedia

2018 yil 14 fevralda AQSHning Florida shtatidagi Marjori Stounman Duglas o‘rta maktabida hujum sodir bo‘lgan. Hujum oqibatida o‘n yetti kishi halok bo‘lgani sababli, ushbu voqea dunyodagi eng qonli maktabdagi hujumlardan biriga aylandi.

Soat 14:21 da, maktabda o‘quv kuni tugashiga yaqin maktab xodimlari va o‘quvchilari yong‘in signalizatsiyasi tovushlarini eshitganlar. Ular darslarni tark etishlari kerak bo‘lgan. Hamma chiqishni boshlagach, maktabning sobiq o‘quvchisi Nikolas Kruz sinfni tark etayotganlarning hammasini otishni boshlagan. Yarim avtomatik zamonaviy sport miltig‘idan foydalangan jinoyatchi hujumdan oldingi yong‘in signalizatsiyasini o‘zi yoqqan. Aytilishicha, u hujum paytida gaz niqobida bo‘lgan va yonida tutunli shashkalar bo‘lgan.

Taxminan 14:27 da Kruz miltig‘ini maktabning uchinchi qavatiga uloqtirib yuborgan va maktabdan chiqib ketayotgan o‘quvchilar bilan aralashib, voqea joyidan qochgan, ammo mahalliy vaqt bilan soat 15:40 da u Koral-Springsda hibsga olingan.

Uning sobiq matematika o‘qituvchisining so‘zlariga ko‘ra, Kruz maktabda o‘qigan paytida boshqa o‘quvchilarga tahdid qilib yurgan. U sumkasi bilan kelganida maktab hududiga kiritilmagan. Keyinchalik u intizomiy sabablarga ko‘ra maktabdan haydab yuborilgan.

Kruzning sobiq sinfdoshining aytishicha, u g‘azabini nazorat qilishda tez-tez muammolarga duch kelgan va ko‘pincha qurol bilan bog‘liq zo‘ravonlik, shu jumladan otish haqida hazillar qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchining turli xil qurollari, jumladan uzun pichoqlar, miltiq, to‘pponcha va avtomat bilan ko‘plab fotosuratlari hamda xabarlari borligi aniqlangan. Kruzning videolarida «Men jang qilishda, odamlarni o‘ldirishda o‘lmoqchiman» kabi zo‘ravonlik tahdidlari bo‘lgan.

FTB (FBI) voqeadan yarim yil oldin ehtimoliy qotil haqida ikki marotaba ogohlantirish olgan. Ulardan biri ehtimoliy qotil tomonidan Youtube tarmog‘ida qoldirilgan: «Men professional maktab o‘qchisi bo‘lishni rejalashtirmoqdaman» xabar sababli bo‘lgan.

2009 yil Vinnenden (Germaniya)

Foto: hujum uyushtirilgan Vinnenden maktabi/Wikipedia

2009 yil 11 martda Germaniyaning Vinnenden shahridagi maktabida, so‘ngra qo‘shni Vendlingen shahrida sodir bo‘lgan hujum natijasida 16 kishi vafot etgan, shu jumladan hujumchining o‘zi, sobiq maktab bitiruvchisi 17 yoshli Tim Krechmer ham. Bundan tashqari, 11 kishi yaralangan va kasalxonaga yotqizilgan.

Mahalliy vaqt bilan soat 9:15 da Tim Krechmer otasining to‘pponchasini va juda ko‘p o‘qlarni olib, o‘z uyidan armiya etiklari hamda qora kiyimlarini kiyib Albertvil-Realshule maktabiga chiqib ketgan. Guvohlarning xabar berishicha, Krechmer birinchi qavatda, kimyo darsi o‘tayotgan auditoriyada o‘q uzishni boshlagan. Jinoyatchi to‘qqiz nafar katta sinf o‘quvchisi va yosh o‘qituvchini otib tashlagan. O‘quvchilardan yettitasi o‘sha yerning o‘zida halok bo‘lgan, ikkitasi og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan, ammo tez orada olingan jarohatlardan vafot etgan.

Soat 10 larda Volkswagen Sharan avtoulovining tasodifiy haydovchisini garovga olib, uni qurol bilan Vendlingen tomon yuz kilometrga yaqin haydashga majbur qilgan. Taxminan soat 12 da, politsiya nazorat punkti oldida shoshilinch tormozlanishdan so‘ng, haydovchi qochishga muvaffaq bo‘lgan, Krechmer ham so‘nggi daqiqada mashinadan sakrab chiqib qochgan.

12:15da Krechmer shahardan 40 km uzoqlikdagi Volkswagen avtosaloniga yaqinlashgan. Jinoyatchi binoga kirib, mashinani egallab olishga harakat qilgan, ammo muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng, Krechmer g‘azablanib 13 marta o‘q uzgan va bitta xaridor hamda avtosalon xodimini o‘ldirgan. U qurolga patronlarni qayta yuklayotganida, qolganlar favqulodda chiqish yo‘li orqali binoni tark etishgan. Taxminan soat 12:30 da Krechmer binodan chiqib, avtoturargohga yo‘l olgan, u yerda harakatda bo‘lgan avtomashinaga ikki marta o‘q uzgan, haydovchiga zarar yetmagan.

Krechmer hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari bilan otishma olib borgan. Qorin va chap oyog‘idan ikkita o‘q bilan yaralanganidan keyin va patronlari deyarli tugab qolganini ko‘rganida soat 13:05 dan 13:08 oralig‘ida o‘zini otib o‘ldirgan.

2001 yil Osaka (Yaponiya)


Foto: Ikeda boshlang‘ich maktabi/wikiwand.com

Foto: masakaru.ru

Osaka hujumi — 2001 yil 8 iyun kuni Ikeda boshlang‘ich maktabida, Osaka pedagogika universitetining nufuzli ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan. Jinoyatni maktabning sobiq farroshi, o‘ttiz yetti yoshli Mamoru Takuma sodir etgan.

Soat 10:15da pichoq bilan qurollangan Takuma maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilariga hujum qilgan. Hujum oqibatida 8 bola halok bo‘lgan, ulardan aksariyati 7 yoshdan 8 yoshgacha bo‘lgan. Bundan tashqari, 13 maktab o‘quvchisi va 2 o‘qituvchi jarohat olgan.

Jinoyatchiga chegara, dissotsial va paranoid shaxs buzilishi tashxisi qo‘yilgan. Keyinchalik u sudlanib, osib o‘ldirilish bilan o‘lim jazosiga mahkum qilingan. 2004 yil 14 sentyabrda hukm ijro etilgan.

Osaka hujumi qurbonlarining aksariyati bolalar bo‘lganligi, jinoyat maktabda sodir etilganligi, shuningdek, huquqbuzarda bir qator ruhiy kasalliklarning mavjudligi tufayli jamiyatda keng rezonans kelib chiqqan. Ushbu omillar jinoyatchilar va jabrlanganlarning huquqlari, ta’lim muassasalarining xavfsizligi va ruhiy kasalliklarga chalinganlarga nisbatan hukumat siyosati kabi masalalarga e’tiborni qaratgan. Keyinchalik maktabga qo‘riqchi yollanishi ma’lum qilingan. O‘sha paytda maktabda qo‘riqchi bo‘lishi Yaponiya uchun noodatiy holat hisoblanar edi.