«Psixiatriya yordami to‘g‘risida» gi Qonun yangi tahrirda qabul qilinib, prezident tomonidan imzolandi. Bu xaqda Huquqiy axborot Telegram kanali xabar bermoqda.

Qonunga «ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish», «psixiatriya yordami», «ruhiy holatning buzilishi» va boshqa bir qator asosiy tushunchalar kiritildi.

Ushbu qonun bilan ruhiy holati buzilgan shaxslarning huquqlari kengaytirildi.

Xususan, ular o‘zida mavjud bo‘lgan ruhiy holati buzilishining xususiyati va qo‘llanilayotgan davolash usullari haqidagi axborotni o‘zi uchun tushunarli shaklda, o‘z vaqtida hamda to‘liq olish, shuningdek statsionar sharoitlarda psixiatriya yordami ko‘rsatadigan tibbiyot muassasasida faqat psixiatriya yordami ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan muddat mobaynida bo‘lish huquqiga ega.

Qonunga asosan, psixiatriya tekshiruvidan o‘tkazish tekshirilayotgan shaxsda ruhiy holati buzilishining mavjudligini, psixiatriya yordami ko‘rsatishga bo‘lgan zaruriyatni aniqlash, shuningdek bunday yordam turi haqidagi masalani hal qilish uchun amalga oshiriladi.

Shuningdek, psixiatriya yordami ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega shaxslar doirasi aniq belgilab qo‘yildi. Unga ko‘ra, maxsus oliy tibbiy ma’lumotga ega tibbiyot xodimlari (shifokor-psixiatr, tibbiy psixolog va psixoterapevt) psixiatriya yordami ko‘rsatish bo‘yicha shifokorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Qonun bilan dispanser kuzatuvida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning yagona elektron reyestri yuritilishi belgilandi.

Norma huquqiy axborot portali qo‘shimcha qilishicha, ruhiy kasalliklarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish bo‘yicha xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Majburiy ravishda psixiatriya yordamini ko‘rsatish zarurligi to‘g‘risidagi qaror yoki ushbu masalani ko‘rib chiqish uchun xulosa berish faqat psixiatrlar komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Elektron reyestrga faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aniqlangan shaxslarga va unda saqlangan ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlagan holda kirish ruxsat etiladi.