Ijtimoiy tarmoqlarda Chinoz tumanidagi 45-maktab direktori ekani aytilayotgan ayol kishining to‘rt nafar yuqori sinf o‘quvchi qizlari bilan ro‘mol borasida suhbatlashgani aks etgan audioyozuv tarqaldi.

Audiyozuvdan maktab direktori ikki nafar 10, ikki nafar 11-sinf qiz bilan suhbat o‘tkazayotgani, bitiruvchi sinf o‘quvchilari maktabni tamomlab ketishi, biroq 10-sinf o‘quvchilariga keyinchalik qiyin bo‘lishini aytib qo‘rqitganini eshitish mumkin.

«Mana shu maktabda o‘qiydigan bo‘lsang, ro‘molingni yechasan. Kimga nima deb borishingdan qat’i nazar shu gapimni yetkaz. Sizlarning, mana shu ro‘mollilarning safi maktabda ko‘payib ketishini xohlamayman. Chunki maktabning imijini buzadi, — deydi ayol. — Agar yo‘q, ro‘molimni yechmayman, deydigan bo‘lsalaring, boshqa maktabga borib o‘qinglar».

Shuningdek, ayol bitiruvchi sinf qizlariga qora ro‘mollarini yechib, kichkina sharfni orqadan bog‘lab olishni topshirdi.

«Senga nimadan, qayerdan vahiy keldi? Tepadan vahiy tushdimi?.. Sizlarga hozir indashmayotganining sababi, saylov o‘tishini kutishayapti, saylov o‘tib olsin, ko‘rasizlar. Sizlarga ortiqcha gap kerakmi? Qanaqadir tashkilotlar kelib surishtirishi kerakmi ota-onalaringni? Ota-onangga ortiqcha tashvish qilmoqchimisizlar?» — deyiladi audioda.

Hozircha Xalq ta’limi vazirligi audioyozuv bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgani yo‘q.