14 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Uchtepa tumani Tepaqo‘rg‘on mahallasi aholisi bilan suhbatda falastin-isroil mojarosiga izoh berdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Falastin va Isroildagi voqealar, Al-aqso masjidi atrofidagi harakatlar haqida gapirar ekanmiz, biz faqat tinchlik bo‘lishi tarafdorimiz. Albatta, har qanday masala bir stol atrofida o‘tirib, murosa qilinsagina hal bo‘ladi», deya ta’kidladi davlat rahbari.

Prezidentning Uchtepa tumani Tepaqo‘rg‘on mahallasi aholisi bilan uchrashuvi, 2021 yil 14 may. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Yana bir masala borki, to‘xtalmasam bo‘lmaydi. Afg‘oniston voqealari — bu ham bizni tashvishlantirmay qolmaydi. Nimaga desangiz, Afg‘oniston bo‘yicha shuncha qilgan harakatlarimiz bizni ham tinchligimizga zamin yaratadi», — dedi u.

Davlat rahbari AQSH va uning ittifoqdoshi NATO o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini hisobga olgan holda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni saqlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligini qayd etdi.

«Biz har doim eng og‘ir sharoitga tayyor bo‘lishimiz lozim va tayyor bo‘la olsak biz hech qachon yutqazmaymiz», — dedi u.

Prezident oqsoqollardan «adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash»ni so‘radi.

«Tasavvur qilinglar, agar tinchlik bo‘lsa, iqtisodiyotimiz shu rivojlanishda ketsa, 10 yildan keyin qanday bo‘ladi? Iqtisodiyot bu — farzandlarimiz, nevaralarimiz kelajakda qanday yashaydi degani. Buning uchun sabr, matonat kerak, pirovardida tinchlik kerak», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Dushanba kungi brifingda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on bilan Falastin va Isroil o‘rtasidagi vaziyatning qat’iylashishi borasida qilgan suhbati tafsilotlariga ham to‘xtalib o‘tdi.

Sherzod Asadov. Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».

«Mazkur masala ikki davlat yetakchilari telefon orqali muloqotlari chog‘ida atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston Sharqiy Quddusdagi vaziyatni keskin tus olishidan juda ham havotirda. Alohida ta’kidlab o‘tmoqchimanki, tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish va qon to‘kilishini darhol to‘xtatish, bu borada mavjud imkoniyatlarni safarbar qilish kerak deb o‘ylaymiz», — dedi u.

O‘zbekiston Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligi status-kvogacha bo‘lgan holatga qaytishi kerak deb hisoblaydi.

«Umuman olganda Falastin va Isroil muammosi xalqaro me’yoriy huquqiy hujjatlar doirasida, xususan, BMTning tegishli rezolyutsiyalari, biz ko‘p yillardan beri qo‘llab-quvvatlab kelayotgan „ikki xalq uchun ikki davlat“ tamoyili asosida yechilishi kerak deb o‘ylaymiz», — deya izohladi Sherzod Asadov.

BMTning xavfsizlik kengashi 10 may kuni isroilliklar va falastinliklar o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishi, jumladan, Falastinning XAMAS harakati Isroilga qarata raketalardan o‘q uzayotgani, Isroil harbiy havo kuchlari esa G‘azo sektoridagi ob’ektlarni bombardimon qilayotgani munosabati bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.

Mojaro aprel oyining o‘rtalarida falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar boshlangan Quddusdagi vaziyat fonida qayta tiklandi. Bu tartibsizliklarga Arab aholisi Ramazon oyida o‘z vaqtini o‘tkazish maqsadida Damashq darvozasidagi eski shahar oldida to‘planishiga Isroil politsiyasining qarshiligi sabab bo‘ldi. Qolaversa, Isroil sudining Quddusdagi Shayx jarroh mahallasidan bir necha Arab oilalarini chiqarib yuborish haqidagi qarori ham mojaro kelib chiqishiga turtki bo‘lgan.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterreshning ta’kidlashicha, mavjud vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li — BMT rezolyutsiyalari va oldingi kelishuvlar bo‘yicha muzokaralarga qaytish va Quddusni ikki davlatning ham poytaxti deb tan olishdan iborat.

RBKning rasmiy ma’lumotlarga tayanib xabar berishicha, mojaro boshidan beri 200 falastinlik vafot etgan, 5000 dan ortig‘i jarohatlangan. Isroil tomoni esa 10 kishi o‘lgani va 50 nafar atrofida jarohat olganlar borligi haqida xabar qilmoqda.